Londonda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va Hamdoʻstlik ishlari vazirligi (FCDO) vakillari bilan ishchi uchrashuv oʻtkazdi.
Maʼlumot uchun: FCDO Buyuk Britaniyaning tashqi siyosatni amalga oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda taʼlim, huquqiy davlat va barqaror rivojlanish sohalarida hamkor mamlakatlarga koʻmaklashish uchun masʼul boʻlgan asosiy hukumat idorasidir. Aynan ushbu vazirlik har yili dunyo boʻylab iqtidorli yosh mutaxassislarga Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniyatini taqdim etuvchi Chevening Scholarships davlat dasturini muvofiqlashtiradi.
Tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar va Chevening dasturi doirasida qoʻshma loyihani yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishdilar. Xususan, jamgʻarma va Britaniya tomoni oʻrtasida xarajatlarni 50/50 nisbatda teng moliyalashtirishni koʻzda tutuvchi qoʻshma taʼlim yoʻnalishini ishlab chiqishga kelishildi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonga Chevening dasturi doirasida har yili 8 ta kvota ajratilmoqda. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan tuzilgan yangi kelishuvga koʻra, ushbu kvotalar sonining ikki barobarga oshirilishi mumkin. Bu esa oʻzbekistonlik iqtidorli talabalar va yosh mutaxassislarning Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlarida taʼlim olishlari uchun yanada koʻproq imkoniyatlar yaratadi.

