Londonda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Buyuk Britaniya universitetlarini birlashtiruvchi va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi tashkilot — Universities UK International (UUKI) vakillari bilan muzokaralar olib bordi.
Tomonlar oliy taʼlim va akademik mobillik sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. UUKI vakillari tashkilotning universitetlar bilan mustahkam aloqalari tufayli Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni mavjud institutsional kanallar va hamkorlik tarmoqlari orqali qoʻllab-quvvatlashga tayyorliklarini bildirdilar.
Muntazam tajriba almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasini oʻz faoliyati va yangi dasturlarini Britaniya universitetlariga taqdim etishga koʻmaklashishga kelishib oldilar. Bu hamkorlik jamgʻarma imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlarni kengaytirish va Oʻzbekistonning akademik tashabbuslariga qiziqishni oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, “El-yurt umidi” stipendiatlari uchun oʻqish davrida Buyuk Britaniyaning universitetlari va ixtisoslashgan muassasalarida amaliyot oʻtash imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu qadam talabalarga nafaqat kasbiy bilimlarini chuqurlashtirish, balki xalqaro akademik muhitda amaliy tajriba orttirish imkonini ham beradi.

