“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati Xurliman Aytniyazova Stenford universiteti huquqshunoslik maktabining rasmiy vakillik organi boʻlgan Stenford huquq assotsiatsiyasi (Stanford Law Association, SLA)da Advanced Degree dasturlari talabalarining toʻrt vakilidan biri boʻldi.
Har yili talabalar oʻz vakillarini ovoz berish yoʻli bilan saylaydilar. SLA kampusning akademik va ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega. Tashkilot maʼmuriyat oldida talabalar manfaatlarini himoya qiladi, yangi talabalarga moslashishda koʻmaklashadi hamda talabalar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari huzuridagi maslahat kengashi vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari, Stenford Huquq Assotsiatsiyasi talabalarning muloqoti, yetakchiligi va universitet hayotiga faol ishtiroki uchun sharoit yaratib, mazmunli madaniy va ijtimoiy dasturni nazorat qiladi.
Xurliman Aytniyazovaning bu nufuzli talabalar organiga saylanishi uning kasbiy fazilatlari, yetakchilik salohiyati va akademik hamjamiyatni mustahkamlash hamda hamkorlik gʻoyalarini ilgari surishga qaratilgan faol pozitsiyasining eʼtirofi hisoblanadi.
Ma'lumot uchun: Stenford huquq assotsiatsiyasi Stenford huquq maktabi talabalarining vakolatli tashkiloti hisoblanadi. U o‘ziga xos talabalar hukumati vazifasini bajaradi.

