“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari, Gʻarbiy Avstraliya universiteti (University of Western Australia) talabalari Shohruh Sherqulov (“Qayta tiklanuvchi va kelajak energetikasi” yoʻnalishi) va Azimjon Urunov (“Moliya va buxgalteriya hisobi” yoʻnalishi)dan iborat jamoa nufuzli Yara Pilbara Technical Challenge 2025 xalqaro muhandislik tanlovida uchinchi oʻrinni egalladi.
Texnik tanlov mintaqadagi eng yirik ammiak ishlab chiqaruvchi Yara Pilbara kompaniyasi koʻmagida Kimyo va neft muhandisligi klubi (CPEC) hamda Avstraliya kimyo muhandisligi jamiyati (ACES) tomonidan tashkil etildi.
Musobaqa ishlab chiqarish samaradorligi va sanoat barqarorligini oshirish sohasida innovatsion yechimlarni topish uchun eng iqtidorli talabalar jamoalarini toʻpladi. Tanlov formati texnik loyihani ishlab chiqish va ekspertlar hayʼati oldida yakuniy taqdimotni oʻtkazishni oʻz ichiga olgan.
Shohruh Sherqulov va Azimjon Oʻrunov jamoasi oʻzgaruvchan bosimli adsorbsiya (PSA) texnologiyasidan foydalanishni taklif qilib, uning muqobil membrana yechimlariga nisbatan samaradorligini namoyish etdi.
Uchinchi oʻrin uchun jamoa pul mukofotiga sazovor boʻldi hamda Yara Pilbara ishlab chiqarish obyektiga maxsus ekskursiya oʻtkazish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

