“El-yurt umidi” stipendiatlari Jaloliddin Patxiddinov, Aziz Xakimov va Malohat Patxiddinova Malayziyada Xalqaro stomatologlarning ilmiy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etib, oʻz ilmiy izlanishlarining dastlabki natijalarini taqdim etdilar.
Jaloliddin Patxiddinov Malaya universitetida jamoasi bilan birgalikda ishlab chiqqan optik tolali lazerning yumshoq toʻqimalar ustidan qilingan jarrohlik amaliyotlarining dastlabki natijalarini taqdimot qildi. Aziz Xakimov chakka-pastki jagʻ boʻgʻimi kasalliklarini ortodontik bemorlar orasida tarqalishi, Malohat Patxiddinova esa stomatologiyada hozirda qoʻllaniladigan shishaionomer sementlarning biomexanik xususiyatlarini oshirishga qaratilgan ilmiy ishlarining natijalarini konferensiya ishtirokchilari bilan boʻlishdi. Konferensiya ishtirokchilari tomonidan yosh oʻzbekistonlik mutaxassislarning ilmiy yangiliklari iliq qabul qilindi va professorlar tomonidan yuqori baholandi.
Ushbu konferensiyada ishtirok etish yosh olimlarga nafaqat oʻz tadqiqotlari natijalarini jahon miqyosida taqdim qilish, balki yetakchi mutaxassislar, jumladan, stomatologiya sohasidagi professor va olimlar bilan aloqalar oʻrnatish imkonini berdi.

