“El-yurt umidi” stipendiati, Buyuk Britaniyaning Reding universiteti magistraturasi bitiruvchisi Sevara Ikromova “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Bugungi kunda Sevara Ikromova Fargʻona shahridagi 21-ixtisoslashtirilgan maktabda ingliz tili fani oʻqituvchisi boʻlib ishlamoqda. U xalq taʼlimi tizimida 15 yildan ortiq pedagogik tajribaga ega, 15 dan ortiq nufuzli mahalliy va xalqaro grantlar sohibasidir. Har yili uning 400 nafardan ortiq oʻquvchilari IELTS va TOEFL xalqaro imtihonlari hamda milliy til sertifikatlarini muvaffaqiyatli topshirmoqda. Sevara Ikromovaning 10 nafardan ortiq bitiruvchilari dunyoning yetakchi universitetlarida oʻqishni davom ettirmoqda.
Bundan tashqari, u yoshlarga bilimlarini kengaytirish va raqobatbardosh koʻnikmalarni shakllantirishga yordam beradigan UpGrade Language Academy va Kasbiy rivojlanish markazining asoschisidir.
Ushbu mukofot S. Ikromovaning koʻp yillik mehnati, yuqori kasbiy mahorati va mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishga qoʻshgan fidokorona hissasining eʼtirofi boʻldi.

