“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Garvard universiteti Devis markazining ijrochi direktori Stiven L. Solnik bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekiston va dunyoning yetakchi tadqiqot markazlaridan biri oʻrtasidagi taʼlim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Asosiy eʼtibor quyidagi yoʻnalishlarga qaratildi:
- Ilmiy almashinuvlar: Devis markazida oʻzbekistonlik olimlar, professorlar va tadqiqotchilar uchun stajirovkalar tashkil etish, shuningdek, Garvard professorlarini Oʻzbekiston universitetlari va ilmiy markazlarida oʻqitish hamda tadqiqot olib borish faoliyatiga jalb etish.
- Magistratura va qoʻshma dasturlar: Oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy tadqiqotlari boʻyicha Garvard magistraturasida maxsus kvotalar ajratish, shuningdek, Devis markazi va Garvard universiteti fakultetlarining qoʻshma taʼlim tashabbuslarida ishtirok etish.
- Qoʻshma loyihalar: ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro ekspertlar ishtirokida seminarlar, konferensiyalar va davra suhbatlarini oʻtkazish.
- Malaka oshirish va stajirovkalar: mamlakatning kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston davlat xizmatchilari, shuningdek, kutubxonachilar va arxiv xodimlari uchun dasturlar ishlab chiqish.
Uchrashuv yakunida tomonlar memorandum imzoladi. Ushbu hujjat kelgusi hamkorlik uchun institutsional asos yaratadi hamda oʻzbekistonlik olimlar va talabalarning global akademik hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

