“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova BMTning Xalqaro fuqarolik xizmati komissiyasi (UN ICSC) raisi Larbi Jakta bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tomonlar komissiyaning Jamgʻarma va Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar.
Maʼlumot uchun: “El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQShda boʻlib turibdi.
Davlat boshqaruvi, fuqarolik xizmati va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishlari boʻyicha BMT tizimida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish dasturlarini oʻz ichiga olgan qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik haqida bitim imzolandi. Ushbu bitim “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tarixida BMT tizimi tashkiloti bilan aloqalarni mustahkamlovchi ilk rasmiy hujjat hisoblanadi. Bitimning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida imzolanishi uning mohiyatini yanada oshiradi.

Hujjatga koʻra, tomonlar davlat xizmatchilari va jamgʻarma stipendiatlarini tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, tadqiqotlar va texnik ishlanmalar bilan almashadi. Konferensiyalar, seminarlar, amaliy mashgʻulotlar va boshqa kasbiy tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan. UN ICSC raqamli boshqaruv, inson resurslarini boshqarish va fuqarolik xizmati amaliyoti sohalarida ekspertlik va texnik yordam koʻrsatadi.
Ushbu hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonda kadrlar tayyorlash va inson kapitalini mustahkamlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan muhim qadam boʻldi.

