“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarni ragʻbatlantirish maqsadida “The EYUF Awards 2025” tanlovini e’lon qilgan edi. Ushbu tanlov barcha jihatlari bilan ilg‘or, O‘zbekiston va jamiyatga foydali tashabbus, yutuq hamda loyihalari bilan ajralib turgan stipendiatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tanlovda 100 nafarga yaqin hozirda xorijiy universitetlarda taʼlim olayotgan hamda oʻqishini tamomlab, Oʻzbekistonda oʻz mehnat faoliyatini davom ettirayotgan “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlari ishtirok etdi. Tanlov komissiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi va 7 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ular 11-sentabr kuni Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro forumda taqdirlandi.
«Yilning eng namunali stipendiat» nominatsiyasida barcha jihatlari bilan ilgʻor, Oʻzbekiston va jamiyatga foydali tashabbus va yutuqlari bilan ajralib turgan MOHINUR MURODOVA taqdirlandi (Mohinur horijda bo‘lganligi sababli, mukofotni uning onasi Sevara Quziyeva qabul qilib oldi).

Mohinur hozirda AQSHning Kolorado davlat universitetining fizika fakulteti talabasi. U aerokosmik muhandislik, sunʼiy intellekt, astronomiya va fizika yoʻnalishlarida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Yangi Zelandiya, Avstraliyaning nufuzli universitetlaridan umumiy qiymati 770 ming dollarlik grant yutib olgan. Shuningdek, Oksford, Yel, Kembridj, Boston universitetlari hamda BMT va UNICEF kabi tashkilotlarning 150 dan ortiq onlayn kurslarni tamomlab, 20 dan ortiq xalqaro kompaniyalarda stajirovka oʻtagan.
Yaqinda Mohinur oʻzining yuqori akademik koʻrsatkichlari tufayli The National Society of Collegiate Scholars tashkilotiga aʼzolikka taklif etildi. Aʼzolik faqat taklifnoma asosida va kursning eng yaxshi 20 foizlik talabalari qatoriga kirgan talabalarga beriladi.
«Yilning eng yaxshi akademik yutuqlari uchun» nominatsiyasida ilmiy maqolalar, xalqaro sertifikatlar, o‘qishdagi yutuqlar, grantlar va boshqa akademik natijalar asosida ODILJON ABDURAXMONOV taqdirlandi.

Odiljon Abduraxmonov — Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti dotsenti, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiyalari universitetida doktorantura taʼlim dasturi boʻyicha oʻqigan.
Scopus va Google Scholar jurnallarida kimyo sohasi boʻyicha 20 taga yaqin maqola muallifi va hammuallifi. Kaolinni boyitish texnologiyalarini rivojlantirish va sirtning fizik-kimyoviy xossalarini oʻrganish nanozarrachalar bilan modifikatsiyalangan teskari osmoz membranalarining qatlami suvni tuzsizlantirish jarayonlarini yaxshilash grantlari sovrindori.
Geksagonal kristall tuzishga ega boʻlgan bor nitridi nanozarralarini olish usuli ixtirochisi hamda shu boʻyicha patenti guvohnomasini qoʻlga kiritgan.
«Yilning eng yosh yetakchi stipendiati» nominatsiyasida yosh bo‘lishiga qaramasdan ijtimoiy faollik, tashabbuskorlik va jamoani harakatga keltira olgan iqtidor egasi ZEBINISO JO‘RAYEVA taqdirlandi (Zebiniso horijda bo‘lganligi sababli, mukofotni uning otasi Javlon Elchiyev qabul qilib oladi).

Zebiniso Janubiy Koreyaning nufuzli Yonsei universitetida xalqaro munosabatlar yoʻnalishida taʼlim oladi. 2025-yilda Tokiodagi Global LearnUs Semester dasturi ishtirokchisiga aylangan istiqbolli yosh yetakchidir.
Zebiniso Yevropa Ittifoqi va UNICEFning “Markaziy Osiyoning yosh ovozlari” loyihasida Oʻzbekiston vakili, Yevropa Ittifoqining “Darya” mintaqaviy loyihasi fasilitatori, Koreya Tashqi ishlar vazirligining “Koreaz supporter” dasturida mamlakatimizdan yagona va eng yosh ishtirokchi. Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligining Koreyadagi elchisi sifatida IT-taʼlimni rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda. 2024-yildan buyon u IT-Park rezidenti sifatida faoliyat yuritayotgan “WiderAI” MCHJ direktori (CEO) boʻlib, oʻzining tashabbuskorligi bilan yosh tadbirkor sifatida ham eʼtirof topmoqda.
«Yilning eng namunali loyihasi» nominatsiyasida O‘zbekiston uchun dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan loyiha tashabbuskori ORZUGUL GʻOYIBOVA taqdirlandi.

Orzugul Gʻoyibova — Buyuk Britaniyaning Bristol universiteti magistraturasining bitiruvchisi, taʼlim va yoshlar rivoji yoʻlida samarali tashabbuslari bilan tanilgan loyiha menejeri. U “Top 100 University Camp” va hududiy “Admissions Boot Camp” dasturlarini tashkillashtirib, 400 nafardan ortiq bakalavr va magistr talabalarni dunyoning yetakchi universitetlariga tayyorlashda bevosita koʻmaklashdi.
Taʼlim sohasida innovatsion yondashuvlari bilan ajralib turgan Orzugul Gʻoyibova 3700 dan ortiq qizni raqamli savodxonlik va taʼlim bilan qamrab oldi, YUNESKO bilan hamkorlikda xalqaro darajadagi strategik tahlillarni amalga oshirdi hamda Eco-School Uzbekistan va Digital Generation Girls kabi loyihalarida muvaffaqiyatli qatnashdi. Uning tashabbuslari Oʻzbekistonda inkluziv va zamonaviy taʼlim yondashuvlarini keng joriy etishga xizmat qilmoqda.
«Yilning eng yaxshi ilmiy loyihasi» nominatsiyasida amaliy tadqiqot, xalqaro tan olingan innovatsion yechim, ilmiy yangilik bilan ajralib turgan AZIZBEK RAXMONOV taqdirlandi.

Azizbek Rahmonov — Fargʻona politexnika universiteti bitiruvchisi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻlgan yosh olim. U Buyuk Britaniyadagi Reding universitetida qayta tiklanadigan energiya: texnologiya va barqarorlik dasturi boʻyicha magistrlik darajasini olgan. Hozirda Fargʻona davlat texnika universitetida dars berib, talabalarni ilmiy izlanishlarga ruhlantirmoqda.
Uning parabolotsilindrik quyosh konsentratoridan foydalanib, suvni chuchuklashtirish qurilmasini yaratish boʻyicha ilmiy ishi nafaqat ilmiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega — bu toza suv tanqisligi va iqlim oʻzgarishi kabi global muammolarga yechim sifatida qaralmoqda. Ilmiy yutuqlari uchun patent guvohnomasini olgan va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi “Ekspertlar guruhi” aʼzosiga aylangan.
«O‘z kasbining ustasi» nominatsiyasida o‘z sohasi bo‘yicha yetuk malakaga ega, iqtidorli, yuqori professional yutuqlarga erishgan hamda vatanparvarlik ruhida faoliyat yurituvchi MUXLISA MAMAJONOVA taqdirlandi.

Muxlisa Mamajonova — media, PR va davlat xizmatida 5 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan yosh va iqtidorli mutaxassis. Hozirda u Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. U "Digital Generation Uzbekistan" NNTda PR va loyiha menejeri sifatida bir qator innovatsion tashabbuslarni amalga oshirgan, jumladan, zaif eshituvchi bolalar uchun inklyuziv metodika yaratishda bosh-qosh bo‘lgan. Shuningdek, “Raqamli avlod qizlari” loyihasi koordinatori sifatida yuzlab yosh qizlarning ta’lim va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga bevosita hissa qo‘shmoqda.
Muxlisa hozirda Yangi O‘zbekiston universitetida PhD tadqiqotchi sifatida faoliyat olib bormoqda. U 25 dan ortiq xalqaro ilmiy maqolalar muallifi bo‘lib, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Parlamenti, MIT va Harvard kabi nufuzli tashkilot va universitetlarda malaka oshirgan.
«Jamiyatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun» xalq manfaatiga xizmat qiluvchi, vatanparvarlik, ko‘ngillilik faoliyati orqali namuna bo‘lgan BOBUR TURAYEV taqdirlandi.

Bobur Turaev — O‘zbekiston pediatrik kardiojarrohligi rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotgan yosh va fidoyi shifokor. 2018—2019-yillarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati sifatida Buyuk Britaniyaning University College London (UCL) universitetida magistratura bosqichida taʼlim olgan. 2019-yildan buyon Toshkent pediatriya tibbiyot instituti shifoxonasida faoliyat yuritib. 1000 dan ortiq bemor bolalarda yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
2025-yil avgust oyida u O‘zbekistonda ilk bor noyob yurak operatsiyasini amalga oshirdi — bemorning o‘z yurak to‘qimasidan klapan yasab o‘tkazilgan kardiojarrohlik amaliyoti mamlakat tibbiyotida tarixiy burilish sifatida baholandi va milliy hamda xalqaro OAVlarda keng yoritildi.
Ilmiy sohada ham faol bo‘lgan Bobur Turaev bugungi kunda 20 taga yaqin ilmiy maqolalar (PubMed, Scopus, Google scholar) muallifi, o‘nlab xalqaro kongresslarda o‘z izlanishlari bilan qatnashib, mamlakatimiz ilm-fanini dunyo miqyosida tanitib kelmoqda.

