Toshkent shahrida 11-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarining taqdirlashga bag‘ishlangan xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir stipendiatlarni, ularning ota-onalarini, davlat tuzilmalari, diplomatik vakolatxonalar va hamkor tashkilotlar vakillarini hamda yoshlarni birlashtirdi.
Ta’kidlangandek, “El-yurt umidi” stipendiya dasturi nafaqat isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismidir. Asosiy maqsad — “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi vazifalarini hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat. Neft va gaz daromad keltirishi mumkin, biroq aynan bilimli va intiluvchi yoshlar mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.
Stipendiatlar — forumning asosiy qahramonlaridir. Kembrij, Oksford, Pensilvaniya, Seul, Nyu-York va Gonkong kabi universitetlarga oʻqishga kirgan yoshlar oʻz tanlovlari, maqsadlari va rejalari haqida soʻzlab berishdi. Ularning his-hayajonga toʻla chiqishlari shuni yaqqol koʻrsatdiki, har bir stipendiya nafaqat imkoniyat, balki yangi bilimlar bilan Vatanga qaytish majburiyati hamdir. Sovrindorlarning ota-onalari shaxsiy hikoyalari bilan oʻrtoqlashib, islohotlar oilalar taqdirini bevosita oʻzgartirayotganini taʼkidladilar.
Forum doirasida ilk bor “EYUF Awards 2025” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. 7 ta nominatsiya boʻyicha eng yaxshi stipendiatlar taqdirlandi. Bular “Yilning namunali stipendiati”, “Yilning eng yaxshi akademik yutuqlari”, “Yilning eng yosh yetakchi stipendiati”, “Yilning namunali loyihasi”, “Yilning eng yaxshi ilmiy loyihasi”, “Oʻz kasbining ustasi”, “Jamiyatga qoʻshgan ulkan hissasi uchun”. Ushbu tanlov “El-yurt umidi” stipendiyasi nafaqat oʻqishni qoʻllab-quvvatlash, balki ijtimoiy va fuqarolik faolligiga, samarali kasbiy va ilmiy faoliyatni davom ettirishga ragʻbat sifatida qabul qilinganligi ko‘rsatishda muhim qadam boʻldi.
Akademik aloqalarni mustahkamlash va oʻzbekistonlik yoshlarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga katta hissa qoʻshgan hamkorlarga — vazirliklarga, davlat idoralariga va xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Forumning yakuniy qismida oʻtmish va kelajakni, anʼanalar va islohotlarni ramziy maʼnoda bogʻlagan yorqin badiiy chiqishlar va tomoshalari namoyish etildi.
Ma’lumot uchun: 2025-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi uchun birinchi ochiq tanlov yangilangan talablar asosida oʻtkazildi. Unda ochiqlik, shaffoflik, adolat va barcha uchun teng imkoniyatlar asosiy tamoyillarga aylandi. Qisqa muddatda ONE ID tizimi bilan integratsiyalashgan onlayn platforma ishga tushirildi. Bu ortiqcha byurokratiyani kamaytirish va inson omilini minimallashtirish imkonini berdi. Natijada 8 mingdan ortiq nomzod roʻyxatga olindi. Ular nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyoning istalgan burchagidan hujjat topshirish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Test sinovlarining javoblari shu kunning oʻzida eʼlon qilindi. Suhbat jarayonlari ilk bor Internetda onlayn-translyatsiya qilindi.
Barcha bosqichlar yakunlari boʻyicha Boshqaruv kengashi qarori bilan 173 nafar nomzod “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” deb eʼtirof etildi. Ular orasida 25% — xotin-qizlar.
Stipendiatlar dunyoning nufuzli universitetlariga (qariyb 70% — Top-100 talik universitetlariga) oʻqishga kirgan, shu jumladan 42%i — Buyuk Britaniyaning universitetlariga, 26%i — AQSHdagi universitetlarga, 12%i — Xitoyning universitetlariga. Shuningdek stipendiatlarning manzillari qatorida — Koreya Respublikasi, Italiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlar.
Soʻz — forum ishtirokchilariga
Saidbek Normaxmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori, Sidney universiteti (Avstraliya) bakalavriat bosqichi talabasi (biotibbiyot):
— Tibbiyotga qiziqish maktab davridayoq paydo boʻlgan. Oilamizda sogʻliq bilan bogʻliq muammolarni koʻrganim, biologiya va kimyoga chuqur qiziqishim meni biotibbiyot sohani tanlashga undadi. Onam Toshkent farmatsevtika universitetini qizil diplom bilan bitirganlar. Yoshligida xorijda oʻqish taklifi boʻlgan va zamon notinchligi tufayli rad etganlarini hozirgacha koʻzlarida yosh bilan esga oladilar. Bugun men Sidneyga oʻqishga borib, oyimning ushalmagan orzularini ham amalga oshiraman desam, adashmagan boʻlaman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori boʻlish men uchun nafaqat moddiy qoʻllab-quvvatlash, balki xalqimizning, Davlatimiz rahbarining katta ishonchi, masʼuliyatdir. Men ilgʻor xorijiy tajribani va bilimlarni oʻzlashtirib, Vatan oldidagi burchimni ado etaman.
Maqsadim — biotibbiy diagnostika va molekulyar biologiya boʻyicha chuqur nazariy bilimlar hamda laboratoriya koʻnikmalarini egallash. Bu tajriba kelajakda Oʻzbekistonda innovatsion diagnostika tizimlarini yaratishga yordam beradi.
Kelajakda ushbu soha mutaxassislari Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimining modernizatsiyasi, genetik tadqiqotlar, erta diagnostikada muhim rol oʻynaydi. Ularning ishi nafaqat inson hayotini saqlash, balki sogʻliqni saqlash xarajatlarini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Farangiz Moʻminova, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori, Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya) bakalavriat bosqichi talabasi (raqamli media va kommunikatsiya):
— Yoshligimdan suxandonlikka, televideniyedagi boshlovchilarga qiziqqanman. Qiziqishlarim meni “Jurnalistika maktabi” da oʻqishga yetaklab, Fargʻona televideniyesida oʻz orzumga, efir orqali boshlovchilik qilishga erishganman. Ota-onamning qoʻllab-quvvatlashi va ishonchi men uchun eng katta kuch va masʼuliyat manbai boʻlib kelgan.
Men ishonaman , soʻz taqdirlarni oʻzgartira oladi. Birmingem universitetida ishonch va muloqotni shakllantiradigan zamonaviy jurnalistika asoslarini oʻrganishga boryapman. Eng ilgʻorlardan taʼlim olish imkoniyati uchun Davlatimiz rahbari va jamgʻarmaga minnatdorligimni bildiraman. Ochiq tanlov gʻoliblaridan biri boʻlganimni eshitib, ota-onam koʻz yoshlarini tiya olmadilar. Bu quvonch koʻz yoshlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori maqomi — imtiyoz emas, balki dunyoda Oʻzbekistonning ovozi boʻlish, mamlakatimizni ochiq, jadal rivojlanayotgan va oʻzgarishlarga intiluvchan qilib koʻrsatish masʼuliyati ekanligini eslatadi.
Davlatimiz rahbari joriy yilda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigi media olamda xolis va haqqoniy axborot tarqatish bilan birga, milliy manfaatlarimizni qatʼiy himoya qiladigan jurnalist ahlining mashaqqatli mehnatini muqaddas sarhadlarimizda sergak turgan Vatan posbonlarining jasoratiga qiyosladilar.
Taʼlimimni muvaffaqiyatli yakunlab, xalqaro tajribaga asoslangan holda, yurtimizda haqqoniy, sifatli va taʼsirchan axborot maydonini yaratishga oʻz hissamni qoʻshishga, media sohasida innovatsiyalarni joriy etish va Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini yanada yuksaltirishga maqsad qilganman. Milliy manfaatlarimizni qatʼiy himoya qiladigan jurnalist sifatida shakllanish kabi vazifani oʻz oldimga qoʻyganman.
Shohnur Faxriyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori, Perdyu universiteti (AQSH) bakalavriat bosqichi talabasi (tibbiyot biologiyasi)
— Bolaligimda bir nechta ogʻir kasalliklarni boshdan kechirganman. Tengdoshlarim boʻsh vaqtimni sport maydoncha yoki oʻyingohlarda oʻtkazgan boʻlsa, men tibbiyot markazlarida koʻriklardan oʻtardim. Hozir hammasi ortda qoldi. Ammo oʻsha davrlarda shifokorlarning bilim va fidoyiligi menga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Shu sababdan ham oʻz hayotimni tibbiyot biologiyasi sohasiga bagʻishlashga qaror qilganman.
Prezidentimiz va xalqimizga menga bildirgan ishonchi hamda jahon miqyosidagi innovatsiyalar yaratilayotgan joyda taʼlim olish imkoniyatini berganlik uchun cheksiz minnatdorman. Bu Oʻzbekistonga yangi yondashuvlar va texnologiyalarni olib kelish imkoniyatidir. Men uchun stipendiat boʻlish — sogʻlom va barqaror kelajagimizga umid manbai boʻlish demakdir.
Qaytgach, ilmiy-tadqiqot institutlarida va klinikalarda ishlashni rejalashtirganman. Tibbiyot biologiyasi sohasidagi bilimlarimni nefrologiya, diagnostika va transplantatsiya yoʻnalishlarida amaliyotga tatbiq etishni, shuningdek, xorijiy tashkilotlarni Oʻzbekistondagi innovatsion tibbiyot loyihalariga jalb qilishni niyat qilganman.
Perdyu universiteti tibbiyot biologiyasi boʻyicha kuchli ilmiy bazaga ega, zamonaviy laboratoriyalar va xalqaro tajribaga ega professor-oʻqituvchilar bilan ishlash imkonini beradi. Bu esa Oʻzbekistonda nefrologiya va biomeditsina rivojlantirish uchun zarur asosdir.
Shahzod Bosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori, Pensilvaniya davlat universiteti (AQSH) bakalavriat bosqichi talabasi (iqtisodiyot)
— Oʻrtahol oila boʻlishimizga qaramasdan, ota-onam uch nafar farzandini ham oliy maʼlumotli qilish yoʻlida qoʻllab-quvvatlagan. Mening xorijda oʻqish ishtiyoqimni koʻrib, 2021-yildan buyon fanlar boʻyicha qoʻshimcha kurslarga, til oʻrganishga qoʻllaridan kelganicha yordam berib kelgan.
Prezidentimizning 2025-yil 5-maydagi farmoniga koʻra, xalqaro sertifikatlarga ega yoshlarga ochiq stipendiya tanlovida test bosqichidan ozod etilishi va ularga maksimal ball berilishi, iqtidorli yoshlarga qanchalik adolatli tamoyillarga asoslangan tizim yaratilgani meni juda quvontirdi. Suhbat bosqichida ham nomzodlarga oʻz fikr va gʻoyalarini yetarlicha yetkazib berishga imkoniyat yaratilgani bilan birgalikda, adolatlilik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida bu yilgi tanlovda suhbat jarayonlarini onlayn translyatsiyasi yoʻlga qoʻyilganligi alohida eʼtiborga loyiq jihat desam boʻladi. Shaxsan men uchun bu yangiliklar jamgʻarma va jarayonlarga nisbatan ishonchimni yanada oshirdi.
Oyatulla Anvarov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori, Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya) bakalavriat bosqichi talabasi (huquq):
— Otamning huquqshunoslik sohasida faoliyat yuritishi va huquqiy bilimlarning jamiyatdagi oʻrni menga katta taʼsir qildi. Shuningdek, maktab davrida huquqiy fanlarga qiziqib, turli tanlovlarda qatnashishim meni huquq sohasini tanlashga undadi.
Tanlov jarayoni men uchun sinov boʻldi, ammo ayni paytda tajribamni oshirdi. Suhbatlar davomida oʻz orzularimni qatʼiyat bilan ifodalash, hujjatlar topshirishda masʼuliyatli boʻlish meni yanada chiniqtirdi.
Men xalqaro huquq, konstitutsion huquq va davlat boshqaruvi boʻyicha chuqur bilim olishni, huquqiy tahlil va mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantirishni niyat qilganman.
Yosh huquqshunoslar kelajakda davlat boshqaruvida, qonun ustuvorligini taʼminlashda va adolatli jamiyat qurishda eng muhim kuch boʻlishadi. Maqsadim — xalqaro tajribaga tayangan holda yurtimizda qonun ustuvorligini mustahkamlash va davlat boshqaruvini rivojlantirishdir.

