Qadrli stipendiatlar!
Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi bilan samimiy qutlayman!
Bugun mamlakatimiz “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini roʻyobga chiqarish va dunyoning rivojlangan davlatlari safiga kirish maqsadida keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlar yoʻlidan ishonch bilan ilgarilamoqda. Bu yoʻldagi asosiy boyligimiz — inson kapitali, yaʼni siz — dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olgan yoshlardir.
Oʻqishdagi yutuqlaringiz nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatingiz, balki Vatanimiz kelajagiga qoʻshgan hissangiz hamdir. Sizlar oʻzlashtirgan bilim, koʻnikma va malakalar ilm-fan va iqtisodiyotdan tortib, davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarigacha boʻlgan turli yoʻnalishlarda ilgʻor tajriba, yangi gʻoya va texnologiyalarni joriy etish uchun poydevor boʻlishiga chin qalbdan ishonamiz.
Siz Oʻzbekistonning jahondagi elchilari sifatida, mamlakatimizning intellektual jihatdan rivojlangan, hamkorlikka ochiq va taraqqiyotga intiluvchi qiyofasini namoyon etmoqdasiz. Mehnatsevarligingiz, gʻayratingiz va shijoatingiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda mustahkam zamin boʻladi.
Sizlarga mustahkam sogʻlik, ilhom va oʻqish hamda kasbiy shakllanishingizda ulkan yutuqlar tilayman. Bilim va tajribangiz yurtimizga yangi zafar va farovonlik keltirsin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Hurmat bilan
Gulnoza Ismailova,
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori

