“El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati AQSh Davlat departamentining Taʼlim va madaniyat ishlari byurosi huzuridagi “Education USA” global konsalting tarmogʻi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy menejeri Karen M. Bauer va AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashdi.
Jamgʻarma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova AQShning nufuzli oliy taʼlim muassasalari asosiy hamkorlar qatorida koʻrilayotganini taʼkidlab, kelgusida ushbu aloqalarni yanada kengaytirish, amaldagi shartnomalarni boyitish, yangi universitet va tadqiqot markazlari bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalariga toʻxtalib oʻtdi.
Karen M. Bauer, oʻz navbatida, qoʻshma loyihalar har ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlishini alohida qayd etib, mazkur hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda amaliy koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
Elchixonaning jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi direktori Ann Perelli “Fulbright” hamda “Faculty Enrichment” dasturlari doirasida AQSh elchixonasi va jamgʻarma oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan birgalikda yangi tashabbuslarni ishlab chiqish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, “Education USA” tarmogʻi va AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga, xususan, stipendiatlar uchun seminar va vebinarlar tashkil etish, dunyoning nufuzli tashkilotlari va ilmiy markazlarida davlat xizmatchilarining maqsadli stajirovkalarni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar yuzasidan kelishuvga erishdi.

