Keng koʻlamli transformatsiyalardan keyingi dastlabki 100 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi isteʼdodlarni jalb qiluvchi dinamik markazga, xalqaro standartlar va mamlakatning strategik manfaatlariga yoʻnaltirilgan ochiq platformaga aylanmoqda.
Jamgʻarma faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, kadrlar tayyorlashga yondashuvning oʻzini qayta shakllantirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ushbu chora-tadbirlar oʻzbekistonlik yoshlar va mutaxassislarga jahon darajasidagi bilim va koʻnikmalarni egallash hamda ularni mamlakat farovonligi yoʻlida qoʻllash imkonini beradigan keng koʻlamli tashabbuslar uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Yangi jamoa — yangi imkoniyatlar
Belgilangan yangi, keng qamrovli vazifalardan kelib chiqib, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi jamoasi yuqori malakali, nufuzli taʼlim muassasalarini tamomlagan yosh va istiqbolli mutaxassislar qatoridan shakllantirildi.
Boshqaruv xodimlarning oʻrtacha yoshi 32 boʻlib, ularning uchdan bir qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
Eʼtiborli jihati shundaki, 9 nafar xodim “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari hisoblanadi. Ular oʻzlari xorijda taʼlim olish yoʻlidan oʻtgan boʻlib, endi Oʻzbekiston kelajagini shakllantira oladigan yangi avlod yetakchilari, iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijdagi nufuzli universitetlarida taʼlim olishini tashkil etish orqali ularning kasbiy koʻnikmalari, bilimi va tajribasini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Ochiq va shaffof tanlov
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi ochiqlik, shaffoflik, teng imkoniyat va adolat tamoyillari asosida oʻtkazildi. Qisqa muddatda my.gov.uz tizimiga integratsiya qilingan maxsus onlayn-platforma ishga tushirildi. Ushbu qaror byurokratik tartib-taomillarni sezilarli darajada qisqartirish, shuningdek, inson omili taʼsirini bartaraf etish imkonini berdi, bu esa korrupsiya xavfining oldini olish boʻyicha samarali chora boʻldi. Platforma 24/7 rejimida ishladi, arizalarni mamlakat va dunyoning istalgan nuqtasidan topshirish mumkin edi, bu esa jarayonni haqiqatan ham inklyuziv qildi.
Tanlov komissiyasi tarkibini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Aʼzolarining kamida 50 foizi xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tashkil etdi. Suhbat jarayoni videoyozuv va Internet tarmogʻida onlayn translyatsiya bilan ochiq formatda oʻtkazildi.
%20(24).png)
Xalqaro taʼlim diplomatiyasi
Jamgʻarma xorijiy hamkorlar safini faol kengaytirmoqda. Qisqa vaqt ichida yetakchi universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro taʼlim va boshqa tashkilotlar vakillari bilan aloqalar oʻrnatildi.
Xususan, Buyuk Britaniyaning Davlat xizmati kolleji, BMTning Davlat xizmati boʻyicha xalqaro komissiyasi (UN ICSC), Stirling jamgʻarmasi, AQSh Xalqaro taʼlim instituti, Atlantika kengashi, Osiyodagi Prinston jamgʻarmasi, AQSh Davlat departamentining Taʼlim va madaniy ishlar byurosi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, jamgʻarma Stenford universiteti Ipak yoʻli innovatsion markazi, Janubiy Kaliforniya universitetining Sol Prayz davlat siyosati maktabi, Kolumbiya universiteti Barqaror rivojlanish markazi, Garvard universitetining Devis markazi, Uorvik universiteti, Vanderbilt universiteti, Sirakuza universitetining Fuqarolik va jamoat ishlari boʻyicha Maksvell maktabi, Jorj Vashington Universiteti kabi nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda.
%20(22).png)
Xalqaro darajadagi taʼlim “hub”i
O‘tgan 100 kun davomida salmoqli ishlar qilindi. Ammo bu transformatsiyaning dastlabki bosqichidir, jamgʻarma tomonidan amalga oshiriladigan ulkan vazifalar — oldinda. Ular qatorida:
- hamkorlik geografiyasini kengaytirish va tavsiya etilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari roʻyxatini optimallashtirish;
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori bo‘lgan olim, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarni Oʻzbekistonga jalb etish;
- global reytinglarda birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ularning O‘zbekiston hududidagi filiallarini ochish;
- xorijiy mamlakatlar, eng avvalo, Markaziy Osiyodan, yoshlarini milliy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini moliyalashtirish.
Bu choralar Oʻzbekistonning mintaqaviy taʼlim markazi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini yaratadi. Shu bilan birga, madaniy almashinuv, qoʻshma ilmiy loyihalarni rivojlantirish va uzoq muddatli hamkorlikka koʻmaklashadigan doʻstona akademik muhit shakllantiradi.
Uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston davlat tuzilmalarini yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va professional hamjamiyatlar bilan bogʻlaydigan toʻlaqonli taʼlim “hub”iga aylanishni rejalashtirgan. Bu nafaqat nufuzli xalqaro oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik koʻlamini kengaytirish, balki kadrlar tayyorlash tizimini global taʼlim makoniga chuqur integratsiyalashni ham nazarda tutadi.

