“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Britaniya kengashining Oʻzbekistondagi direktor oʻrinbosari Jamila Gulyamova bilan uchrashdi.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi farmonida belgilangan vazifalar doirasida jamgʻarma faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini, shuningdek, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha loyihalar va tadbirlarni muhokama qildi.

Oʻzbekistonlik nomzodlarning Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlarida taʼlim olishga qiziqishi ortib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, davlat xizmatchilariga stajirovkalar uyushtirish hamda Britaniya oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirokida yangi hamkorlik tashabbuslarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, grant dasturlarini taqdim etish, IELTS imtihoniga tayyorgarlikda koʻmaklashish va nomzodlarning til ko‘nikmalarini oshirish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Britaniya kengashi vakillari mazkur yoʻnalishlarda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

