“El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi farmonida belgilangan, shu jumladan davlat sektori uchun professional va malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish masalasi uchrashuvning diqqat markazida boʻldi.

Ser Suma Chakrabarti Oʻzbekiston Prezidenti ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish maqsadida davlat xizmatchilarini xorijdagi stajirovka dasturlariga jalb etishga alohida ahamiyat qaratayotganini eʼtirof etib, bunday mutaxassislarni saralash, oʻqitish hamda qoʻllab-quvvatlashning barqaror mexanizmlarini shakllantirish muhimligini taʼkidladi.
Farmonda belgilangan vazifalar, xususan, vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etilishda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Prezident maslahatchisining loyiha ofisi ekspertlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

