“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi doirasida suhbat bosqichi davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoniga asosan, Jamgʻarma taʼlim dasturlari boʻyicha stipendiya gʻoliblarining yakuniy roʻyxati tanlov yakunlangandan soʻng uzogʻi bilan bir oy muddat ichida Jamgʻarma Boshqaruv kengashi qarori bilan tasdiqlanadi hamda eʼlon qilinadi.
Maʼlumot uchun: Mazkur farmon bilan tasdiqlangan “El-yurt umidi” jamgʻarmasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomga muvofiq, suhbat uchun belgilangan eng yuqori 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzodlar “suhbatdan oʻtgan” deb eʼtirof etiladi.
Jamgʻarma Tanlov komissiyasi tomonidan “suhbatdan oʻtgan” deb eʼtirof etilgan nomzodlar orasidan test va suhbat bosqichlar natijalariga asosan toʻplangan umumiy ballardan kelib chiqib, “Xalqaro reytinglarning eng yuqori 300 talik xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari taʼlim dasturlariga qabul qilingan nomzodlar uchun imtihonlar asosida kvotalar” doirasida tanlov gʻoliblari aniqlanadi.

