15-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari Poʻlat Bobojonov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Tashkiliy departamentining Davlat xizmatini boshqarish boʻyicha byuro bosh direktori Chen Longfa oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, hamkorlikning turli yoʻnalishlarida katta yutuqlarga erishilayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni jadallashtirish va rivojlantirish uchun oʻzaro hamkorlik bitimini ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldi. Ushbu maqsadda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.
Xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlashda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan ushbu yoʻnalishda stajirovka dasturlari, tajriba almashish va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish, bu borada taʼlim loyihalarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi.

