“Suhbat imtihon shaklida emas, balki intellektual va doʻstona muloqot formatida oʻtdi“.
“Ekspertlar mavzuga qanchalik chuqur kirib borgani, bilimlarim bilan bir qatorda qadriyatlarim va motivatsiyamni ham tushunishga intilayotgani meni hayratga soldi“.
“Tanlov komissiyasi aʼzolari talabchan, ammo adolatli edilar. Ular chindan ham menga xorijda oʻqish nima uchun kerakligi va maqsadlarimni tushunishga intildi“.
“Barcha jarayonlar yuqori professional darajada tashkil etilgan. Oʻz gʻoyalarimni boshqalarga ulashganimda maza qilaman“.
Joriy yilning 9–28-iyul kunlari oʻtkazilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi suhbat bosqichida ishtirok etgan nomzodlar shunday fikrlarni bildirdi. Ushbu bosqich tanlovning hal qiluvchi nuqtasi boʻldi. Jarayonlar ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi.

Har bir nomzodga oʻzini tanishtirish, maqsad va gʻoyalarini taqdimot qilish uchun teng imkoniyatlar yaratildi. Tanlov komissiyasi tarkibiga vazirliklar, ilmiy va taʼlim muassasalari, tahlil markazlari, fuqarolik jamiyati institutlarining nufuzli mutaxassis va ekspertlari kiritildi. Ochiq format jarayonga xolislik va ishonchni taʼminlash imkonini berdi.
Tanlangan mutaxassislik boʻyicha aniq va amaliy savollar berildi: sohalardan kelib chiqib, STEM va xalqaro huquqdan tortib davlat boshqaruvi va urbanistikagacha. Maqsad nafaqat nomzodlarning akademik bilimlarni baholash, balki ularni dunyoqarashini, fikrlash qobiliyatini, strategik qarashlarini, motivatsiyaning chuqurligini va mamlakat taraqqiyotidagi kelajak rolini tushunishni ham ochib berish edi.

Nomzodning xorijda taʼlim olishdan koʻzlagan maqsadi oʻqishni tuganganidan keyingi rejalari, bilim va tajribalarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi motivatsion essesi (yozma ishi) alohida inobatga olindi.
Suhbatni real vaqt rejimida kuzatib borish uchun situatsion markaz tashkil etildi. Onlayn translyatsiya va raqamli nazorat tizimlari orqali jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi taʼminlandi.
Shuningdek, ushbu bosqichda teng ishtirokni taʼminlash maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan nomzodlar uchun zarur sharoit va yengilliklar yaratilgan. Xususan, ish yoki oʻqish tufayli xorijda boʻlib turgan nomzodlarga suhbatdan onlayn tarzda oʻtish imkoniyati berildi. Suhbat sanasi va oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari bilan bir kunga toʻgʻri kelgan taqdirda, abituriyentlarning murojaatlariga koʻra suhbatni boshqa kunga koʻchirish ruxsat etildi.

Bunday choralar har bir munosib nomzodning suhbatda oʻzini toʻliq namoyon etishi, texnik yoki vaqt bilan bogʻliq kabi sabablar tufayli oʻz imkoniyatini boy bermasligini taʼminlashga qaratilgan.
Soʻz — suhbat bosqichi ishtirokchilariga:
Umida Ergasheva:
— Suhbatdan yaxshi kayfiyatda chiqdim. Qiyin savollar boʻlmadi. Komissiya aʼzolari asosan tanlagan yoʻnalishim, loyiham va kelajak rejalarim haqida soʻradi. Muhit doʻstona va samimiy edi.
Gulida Olimjonova:
— Mening fikrimcha, suhbat ochiq va shaffof tarzda oʻtdi. Komissiya aʼzolari asosan mening essem va taqdim etilgan hujjatlarim asosida savollar berdi. Ular islohotlar jarayonini qanday tushunishim, qaytganimdan soʻng mamlakat rivojiga qoʻshishim mumkin boʻlgan hissam, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi missiyasini amalga oshirishda oʻz rolimni qanday koʻrishim bilan qiziqishdi.
Tolibjon Siddiqov:
— Komissiya aʼzolari juda xayrixoh edilar. Ular mening oʻz sohamni qanchalik yaxshi bilishim, nima uchun va qayerga oʻqishga kirayotganimni tushunishim, shuningdek, kelajak rejalar haqida savollar berdi. Men maqsadlarimni aniq bayon etishga va savollarga ishonch bilan javob berishga harakat qildim.
Shohjahon Hamidov:
— Suhbat samimiy muhitda oʻtdi. Komissiya aʼzolari doʻstona munosabatda boʻldi, bu esa oʻzimni ishonchliroq his qilishimga yordam berdi.
Abduvali Adhamov:
— Taassurotlarim juda ijobiy. Hamma narsa yuqori professional darajada tashkil etilgan. Savollar shaxsiyatimni ochishga, maqsad va sabablarimni tushunishga qaratilgan edi. Ekspertlarga oʻzim haqimda soʻzlab berish men uchun qiziqarli va foydali tajriba boʻldi.
Firdavs Boliyev:
— Suhbat mazmunli oʻtdi. Koʻp savollar berishdi va ularga javob berish menga juda yoqdi. Chunki oʻz gʻoyalarimni boshqalarga ulashganimda maza qilaman.

