“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Berlin erkin universiteti doktoranti Agzamxon Niyozxoʻjayevning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiya kelajagi haqidagi tahliliy maqolasi “The Times of Central Asia” nashrida eʼlon qilindi.
Maqolada, xususan, Oʻzbekiston yetakchiligida 2016-yildan boshlab qoʻshni mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Muallif taʼkidlashicha, 2016-yildan soʻng Oʻzbekiston tomonidan eng yaqin qoʻshnilari bilan hamkorlikni kuchaytirilishi shunchaki diplomatik rebrending emas. Bu Markaziy Osiyoda uzoq vaqtdan beri yetishmagan mintaqaviy ishonchni shakllantirish uchun amaliy qadamlardir. Chegara, tranzit va savdo boʻyicha nizolar izolyatsiya yoki bosim yoʻli bilan emas, muzokaralar orqali hal etila boshlandi. Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston tomonidan imzolangan “Abadiy doʻstlik toʻgʻrisida”gi Xoʻjand deklaratsiyasi uzoq yillik kelishmovchiliklarni tashqi “vositachilar” emas, balki ichki salohiyat va siyosiy iroda hal qila olishiga misol boʻlmoqda.
Agzamxon Niyozxoʻjayevaning fikricha, muvaffaqiyatga erishish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari toʻrtta asosiy yoʻnalishga sarmoya kiritishlari lozim:
Byurokratiyasiz erkin harakatlanish. Mintaqa Markaziy Osiyo fuqarolari uchun viza va roʻyxatdan oʻtkazishni butunlay bekor qilish sari harakat qilishi muhim. Yuridik jihatdan majburiy boʻlgan kelishuv barcha fuqarolarga maʼmuriy toʻsiqlarsiz mintaqa doirasida yashash, ishlash va sarmoya kiritish huquqini kafolatlashi kerak.
Xalqaro ittifoqlarni qayta koʻrib chiqish. Markaziy Osiyo davlatlari rivojlanishni cheklaydigan birlashmalardagi ishtirokini qayta baholashlari maqsadga muvofiq. Buning oʻrniga ular xalqaro maydonda jamoaviy ovozni kuchaytirish uchun tashqi siyosatni muvofiqlashtirishi mumkin.
Qoʻshma investitsiyalar va boshqaruv orqali energetik xavfsizlikni taʼminlash. Energetik mustaqillik mintaqa uchun dolzarb masalalardan biridir. Infratuzilma, qayta tiklanuvchi energetika va strategik zaxiralarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Afgʻonistonga investitsiyalar barqarorlik omili sifatida. Afgʻonistondagi yoʻllar, energetika, oliy taʼlim kabi sohalardagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish chegaraoldi aloqalarini mustahkamlashga, beqarorlik xavfini kamaytirishga va mintaqaviy barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Maqolani (ingliz tilida) quyidagi havola orqali oʻqishingiz mumkin:
https://timesca.com/opinion-regional-power-starts-at-home-central-asias-path-to-autonomy/


