“El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi suhbat bosqichi boshlandi. Ushbu bosqich nomzodlarning xorijda taʼlim olishidan kasbiy maqsadlari, oʻqishni yakunlab mamlakatimizga qaytgandan soʻng, xorijda olgan ilgʻor nazariy bilim va tajribalarini amaliyotga tatbiq etish va Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishiga qoʻshishi mumkin boʻlgan hissasini baholashga qaratilgan.
Mazkur bosqichga ishtirok etish uchun 780 nafardan ziyod nomzod tavsiya etilgan, shu jumladan test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda belgilangan muddatda oʻzining akademik salohiyatini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatlarni taqdim etgan nomzodlar.
“El-yurt umidi” stipendiyasiga nomzodlar uchun tashkil etilayotgan suhbatning asosiy maqsadi — ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini, ijtimoiy taraqqiyotiga erishgan jamiyat gʻoyalarini anglab yetish darajasi hamda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlarga doir nazariy tayyorgarligi, yuksak maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini baholashdan iboratdir.
Har bir nomzod davlat boshqaruvi tizimi mutaxassislari, akademik va ekspert hamjamiyati hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan tashkil topgan komissiya bilan individual suhbatdan oʻtadi.
Nomzodlarning ona Vatanga, tanlagan kasbiga sadoqati, maʼnaviy-axloqiy tafakkuri, sogʻlom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni anglab yetganligi darajasi, shuningdek, xorijda taʼlim olishdan koʻzlangan maqsadi, hamda oʻqishni tugatgach olingan bilim va malakalarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi boʻyicha bilim va koʻnikmalari davlat tilida oʻtkaziladigan suhbat orqali aniqlanadi va baholanadi.
Nomzodning xorijda taʼlim olishdan koʻzlagan maqsadi oʻqishni tuganganidan keyingi rejalari, bilim va tajribalarini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi motivatsion essesi (yozma ishi) alohida inobatga olinadi.
Suhbatni real vaqt rejimida kuzatib borish uchun situatsion markaz tashkil etildi. Onlayn translyatsiya va raqamli nazorat tizimlari orqali jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi taʼminlangan.
Shuningdek, ushbu bosqichda teng ishtirokni taʼminlash maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan nomzodlar uchun zarur sharoit va yengilliklar yaratilgan.
Xususan, ish yoki oʻqish tufayli xorijda boʻlib turgan nomzodlarga suhbatdan onlayn tarzda oʻtish imkoniyati berildi. Suhbat sanasi va oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari bilan bir kunga toʻgʻri kelgan taqdirda, abituriyentlarning murojaatlariga koʻra suhbatni boshqa kunga koʻchirish ruxsat etildi.
Bunday choralar har bir munosib nomzodning suhbatda oʻzini toʻliq namoyon etishi, texnik yoki vaqt bilan bogʻliq kabi sabablar tufayli oʻz imkoniyatini boy bermasligini taʼminlashga qaratilgan.
Tasdiqlangan jadval asosida suhbatlar 28-iyulga qadar davom etadi.
Maʼlumot uchun:
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2021–2025-yillar davomida qariyb 1300 nafar stipendiat turli taʼlim dasturlari boʻyicha dunyoning nufuzli universitetlariga tahsil olish uchun yuborilgan. Ulardan 740 nafari hozirda oʻqishini davom ettirmoqda. Stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushi 35 foizni tashkil etadi.
Jamgʻarma tomonidan 2025–2026 oʻquv yili uchun nufuzli xorijiy universitetlarda taʼlim olish uchun: bakalavriat taʼlim dasturlari uchun 130 ta, magistratura uchun 220 ta, doktorantura uchun 100 ta oʻringa stipendiyalar ajratilishi rejalashtirgan. Nomzodlarning hujjatlari 2025-yil 3-iyundan 16-iyunga qadar barcha uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn platforma orqali 24/7 rejimida qabul qilindi. Jami 8 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan.





