“El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Janubiy Kaliforniya universitetining Sol Prays nomidagi Davlat siyosati maktabining davlat siyosati va boshqaruvi boʻyicha xalqaro dastur (USC Price IPPAM) direktori, professor Rim Kaki bilan uchrashdi.
Maʼlumot oʻrnida: Janubiy Kaliforniya universiteti AQShning eng nufuzli xususiy tadqiqot oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Times Higher Education reytingida u 72-oʻrinni, U.S.News & World Report talqiniga koʻra, jahondagi eng yaxshi universitetlar roʻyxatida 77-oʻrinni egallaydi.

Jamg‘arma ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova mehmonlarga yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda islohotlarni amalga oshirish uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida davlat xizmatchilarini dunyoning nufuzli universitetlarida maqsadli ta’lim olishini tashkil etish to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, jamg‘arma faoliyati yo‘nalishlari, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha tushuntirish berildi.
Oʻz navbatida, professor Rim Kaki Janubiy Kaliforniya universitetining Sol Prays maktabi negizida amalga oshirilayotgan IPPAM dasturining taqdimotini o‘tkazdi. Xususan, u o‘qituvchilarning ixtisosligi, o‘quv dasturlari va ilmiy-tadqiqot faoliyati, bitiruvchilarning global tarmog‘i hamda USCning xalqaro maydondagi ta’siri, institutsional hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar istiqbolli kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va kasbiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma magistratura dasturlarini yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatchilarining USC negizida maqsadli stajirovkalarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bunday hamkorlik malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’limga xalqaro standartlarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonning ta’lim diplomatiyasini mustahkamlash uchun yangi ufqlar ochadi.
Uchrashuv yakunida universiret va jamg‘arma o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnomani yangilash, akademik aloqalarni va institutsional hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

