Bugun Samarqandda davlat boshqaruvi sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — BMT Davlat xizmati forumi – 2025 (UN Public Service Forum 2025) oʻz ishini boshladi.
Oʻzbekiston tarixda ilk bor yuqori darajadagi rahbarlar, vazirlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor va innovatsiyalar sohasidagi yetakchilar ishtirok etadigan bunday nufuzli tadbirga mezbonlik qilmoqda.
Bu yilgi forumning markaziy mavzusi “2030-yilga qadar besh yil: barqaror kelajak uchun xizmat koʻrsatish jarayonlarini jadallashtirish” boʻlib, u Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha global kun tartibini va davlat boshqaruvi tizimlarini modernizatsiya qilish zaruratini aks ettiradi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, yuridik fanlari doktori, professor Gulnoza Ismailova motivatsiya strategiyalarini amalga oshirishga bagʻishlangan sessiyada maʼruza bilan ishtirok etdi.
Oʻz nutqida professor G. Ismailova keng koʻlamli islohotlar va raqamli transformatsiya sharoitida davlat xizmatchilarini ragʻbatlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Inson kapitalini rivojlantirish va davlat sektori uchun professional kadrlarning yangi avlodini tayyorlashda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tizimli islohotlardan oʻtib, bugungi kunda milliy kadrlarni tanlash va oʻqitishdan tortib professional reintegratsiyagacha boʻlgan toʻliq sikl platformasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Biz yoshlarni shunchaki chet elga oʻqishga yubormaymiz, balki ularning qaytib kelishi, Oʻzbekiston davlat boshqaruvi tizimida hissa qoʻshishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratamiz”, — deya taʼkidladi G. Ismailova.
Professor Gulnoza Ismailova davlat xizmatidagi motivatsiyaning toʻrtta asosiy jihatiga toʻxtalib oʻtdi.
Birinchidan, motivatsiya modellari. Taʼkidlanganidek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi “Oʻz-oʻzini belgilash nazariyasiga” asoslangan yondashuvlardan foydalanadi, unga koʻra avtonomiya, kompetentlik va ahamiyatlilik hissi asosiy omillar hisoblanadi. Ushbu model shaxsiy taʼlim yoʻnalishlari, O‘zbekistonga qaytgandan keyin kasbiy rivojlanish kafolatlari, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish va ekspert tuzilmalari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, ichki motivatsiya modeli ham qoʻllaniladi. Stipendiatlar qaytgandan soʻng davlat dasturlarini ishlab chiqishda, tahliliy loyihalarda va islohotlar jarayonlarida ishtirok etib, oʻz mehnatlarining haqiqiy qiymatini his qiladilar.
Ikkinchidan, yangi avlod motivatsiyasi. Gulnoza Ismailovaning fikricha, zamonaviy davlat xizmatchilari, ayniqsa, yoshlar mamlakat taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatish va ishtirok etish, xalqaro tajribadan foydalanish va doimiy taʼlim olish, tan olinish va oʻz bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniyatiga intiladi. Shu bois islohotlar jarayoniga motivatsion mexanizmlarni singdirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchidan, raqamlashtirish xatarlarini bartaraf etish. Raqamli transformatsiya stress, ishonchsizlik va kasbiy uzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Oʻzbekistonda ushbu muammolar qayta tayyorlash va xorijda amaliyot oʻtash dasturlari, davlat tuzilmalarida uzluksiz taʼlim olish madaniyatini ragʻbatlantirish, yosh va tajribali mutaxassislar oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirish orqali hal qilinmoqda. Eʼtirofga alohida eʼtibor qaratilmoqda: raqamli islohotlar yetakchilarining innovatsiyalari keng jamoatchilikka taqdimot qilinib, ularning yutuqlari qayd etilmoqda.
Toʻrtinchidan, “islohotlardan charchash”ning oldini olish. Xavflardan biri davlat xizmatchilarining tez oʻzgarishlardan toliqib qolishidir. Ushbu muammoga yechim sifatida islohotlarning maqsadlari haqida doimiy muloqot olib borilmoqda, ishonchni shakllantiruvchi tezkor natijalar namoyish etilmoqda, qayta aloqa mexanizmlari joriy etilmoqda.
“Motivatsiya mavhum tushuncha emas. Bu muvaffaqiyatli davlat boshqaruvining amaliy vositalaridan biridir. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda davlat xizmatchilari shunchaki buyruqlarni bajaradigan emas, balki islohotlarning hammualliflariga aylantiradigan daxldorlik muhitni shakllantiryapmiz”, — dedi Gulnoza Ismailova.

