“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Jorj Vashington universiteti qoshidagi Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabi hamda Yevropa, Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) vakillari bilan uchrashdi.
Tomonlar akademik va ilmiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, xalqaro munosabatlar, diplomatiya va davlat boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha oʻzbekistonlik talabalar uchun almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekistonlik oʻqituvchilar va yosh mutaxassislarning xalqaro tadqiqot grantlari va stipendiya dasturlarida ishtirok etishlari uchun imkoniyatlar yaratishga, shuningdek, Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha bir oydan olti oygacha davom etadigan qoʻshma stajirovkalarni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Jorj Vashington universiteti negizida oʻzbek tili va madaniyati markazlarini ochish rejalari kun tartibidagi muhim masala boʻldi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari uchun qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Amerikalik hamkorlar ikki tomonlama akademik aloqalarni mustahkamlash, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar oʻrtasida tajriba almashishga qaratilgan tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tashrif doirasida Gulnoza Ismailova Elliot nomidagi Xalqaro munosabatlar maktabi negizida 2023–2024-yillarda amalga oshirilgan grant tadqiqot loyihasi natijalari bilan ham tanishtirdi. Loyiha Oʻzbekistonda tegishli tizimni modernizatsiya qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida diplomatik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasidagi eng yaxshi Amerika tajribasini oʻrganishga bagʻishlangan edi.
Ish davomida Amerikaning asosiy institutlari, jumladan AQSH Davlat departamenti, Amerika diplomatik xizmat assotsiatsiyasi, Diplomatiya akademiyasi va boshqalarning dasturlari hamda yondashuvlari tahlilidan oʻtkazildi. Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, AQShda boʻlajak diplomatlarni tayyorlash nafaqat akademik fanlarni oʻrganishni, balki mamlakatning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlariga mos keladigan mintaqaviy xususiyatlarni chuqur tahlil qilishni ham oʻz ichiga oladi. Bunday fanlararo va amaliyotga yoʻnaltirilgan yondashuv boʻlajak diplomatlarda ham kasbiy, ham tahliliy koʻnikmalarni shakllantirishga imkon beradi.
Maʼlumotlarni tizimlashtirish asosida Oʻzbekistonda diplomatlar tayyorlashning huquqiy-normativ bazasini takomillashtirish, amaliyotga eʼtibor qaratgan holda moslashuvchan dasturlarni joriy etish, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni ishlab chiqishga kirishish, shuningdek, Oʻzbekiston tashqi siyosiy va davlat xizmati uchun mutaxassislar tayyorlash sohasida strategik hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

