19-iyun kuni Vashingtonda Oʻzbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamkorligida Yoshlar forumi oʻtkazildi. Tadbir Amerikaning turli shtatlaridagi talabalar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni mamlakat va jamiyat kelajagi haqida ochiq muloqot doirasida birlashtirdi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Prezidentning 2025-yil 5-maydagi farmoni mazmun-mohiyatiga toʻxtalib, xorijda taʼlim olayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek ularning Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng kasbiy integratsiyasi mexanizmlari toʻgʻrisida soʻzladi. U yoshlarning kelib chiqishi yoki jismoniy imkoniyatlaridan qatʼi nazar, qaror qabul qilish jarayonlarida teng ishtirok etishining, mamlakatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshishga qodir global fikrlaydigan mutaxassislar avlodini shakllantirishning muhimligini taʼkidladi.
Forum dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun oddiy maydon boʻlib qolmadi — u yoshlarga taʼlim, shu jumladan inklyuziv ta’lim, fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va kasbiy rivojlanish kabi sohalarda aniq yechimlar, tashabbuslar va loyihalarni taklif qilish imkoniyatini yaratdi.
Xususan, “Oʻzbekiston raqamli avlodi” NNT direktori A. Jalolov davlat yoshlar siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va innovatsiyalar, startaplar hamda raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlik salohiyatini tahlil qilib berdi.
Garvard tibbiyot maktabi doktoranti N. Qahorova shaxsiy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi va AQSh hamda Oʻzbekistonda akademik karyera boʻyicha tavsiyalar berdi, yosh olimlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida soʻzladi.
Arizona universiteti qoshidagi Oʻzbekiston talabalar assotsiatsiyasi vakili M. Toʻychibayevaning chiqishi alohida qiziqish uygʻotdi. U AQShga yangi kelgan talabalarni qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayoniga moslashishda yordam berish boʻyicha tashabbuslar haqida maʼlumot berdi.
Ishtirokchilar muhim masalalarni koʻtarib, oʻz qarashlarini bildirib, hamkorlikni rivojlantirish, startaplarni joriy etish hamda transformatsion jarayonlarda yoshlarning rolini kuchaytirish boʻyicha tashabbuslarni taklif qildi. Inklyuzivlikka alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, eshitish qobiliyati cheklangan yoshlarning muhokamalarda ishtirok etishi, Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonida yetakchilik va taʼlim imkoniyatlaridan teng foydalanishni taʼminlash uchun “hech kim chetda qolmasligi kerak” tamoyiliga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.

Yigit-qizlar Oʻzbekiston hukumatining xorijdagi yoshlarni, jumladan diplomatik vakolatxonalar tizimi orqali qoʻllab-quvvatlash boʻyicha saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar va milliy islohotlar doirasida yoshlar kun tartibiga eʼtibor qaratilgani uchun minnatdorlik bildirdilar.
Forum yakunida tadbirni har yili oʻtkazish taklifi ilgari surildi, bu Oʻzbekiston yoshlari va davlat oʻrtasidagi muloqotni davom ettirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va inklyuziv hamda barqaror kelajakni rivojlantirishga koʻmaklashish uchun muhim ekanligi taʼkidlandi.

