“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova AQSh Davlat kotibi yordamchisining oʻrinbosari Marianna Kreyven hamda AQSh Davlat departamentining Taʼlim va madaniyat byurosi vakillari bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida G. Ismailova amerikalik hamkorlarga Oʻzbekistonda Prezident boshchiligida amalga oshirilayotgan taʼlim sohasidagi keng koʻlamli islohotlarning erishilgan natijalari haqida maʼlumot berdi. Taʼlim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Amerika tomoni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi koʻmagida AQShning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik stipendiatlar soni oshganini ijobiy baholab, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar qoʻshma akademik dasturlarni amalga oshirish, oʻqituvchilar va mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari uchun viza tartib-qoidalarini soddalashtirish, ikki mamlakat mutaxassislari uchun maqsadli amaliyotlar va ixtisoslashtirilgan kurslar tashkil etish, AQSh Davlat departamenti xodimlariga oʻzbek tilini oʻrgatish kabi dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishga kelishib olindi.
Uchrashuv Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida taʼlim va kasbiy rivojlanish sohasidagi strategik muloqotni mustahkamlash yoʻlida oʻzaro tushunish va manfaatdorlik ruhida oʻtdi.

