Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova AQShga safari davomida dunyodagi eng yirik tahlil markazlaridan biri — Atlantika kengashi (Atlantic Council) vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda elchi, Atlantika kengashining Yevrosiyo markazi rahbari Jon Xerbst, Xalqaro soliq va investitsiyalar markazida energetika, iqtisodiy oʻsish va xavfsizlik boʻyicha xalqaro dasturning direktor oʻrinbosari hamda yetakchi tahlilchisi Uesli Aleksandr Xill ishtirokida strategik sheriklikni yoʻlga qoʻyish, jumladan, akademik va ekspertlar almashinuvi sohasida qoʻshma tashabbuslarni ishga tushirish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar hamkorlikning bir qator muhim yoʻnalishlarini koʻrib chiqdi. Xususan, xalqaro munosabatlar, global xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika va barqaror rivojlanish kabi sohalarda qisqa va oʻrta muddatli almashinuv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yosh mutaxassislar uchun Atlantika kengashi ekspertlari ishtirokida maʼruzalar, mahorat darslari, tadqiqot seminarlari va treninglarni oʻz ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqish taklif qilindi.

Atlantika kengashining tadqiqot dasturlari yoki amaldagi loyihalari doirasida Oʻzbekistonning davlat, akademik va ekspert tuzilmalari uchun 1 oydan 6 oygacha boʻlgan amaliyot oʻtash imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Yana bir muhim yoʻnalish — Oʻzbekistonga xalqaro ekspertlarni jalb etish. Tomonlar ommaviy maʼruzalar oʻqish, davra suhbatlarida ishtirok etish va milliy islohotlarga ekspertlik koʻmagini berish maqsadida Atlantika kengashining tahlilchilari, tadqiqotchilari va akademik hamkorlarini Oʻzbekistonning yetakchi universitetlari va “aql markazlari”ga taklif etish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Atlantika kengashi vakillari sheriklikni tizimli va institutsional asosda yanada chuqurlashtirish borasidagi tayyorligini tasdiqladi. Tomonlar kelgusi tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun oʻzaro anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqishga, shuningdek, 2025-yilda pilot dasturlarini ishga tushirish imkoniyatini oʻrganishga kelishib oldi.
Tomonlarning fikricha, hamkorlikning taklif etilayotgan shakllari nafaqat ekspertlik aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi, balki Oʻzbekistonda yuqori malakali kadrlar va tahliliy salohiyatni shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

