AQShga tashrifi doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Amerikaning nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan jamgʻarma stipendiatlari vakillari hamda Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi xodimlari bilan uchrashdi.
Mazmunli uchrashuv davomida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va madaniy tadbirlarni tashkil etish, yozgi taʼtil davrida amaliyot va stajirovkalar oʻtash, ularning akademik va ijtimoiy muhitga moslashishi, Oʻzbekistonga qaytgach ish bilan taʼminlanishi masalalari muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi farmoniga (https://lex.uz/uz/docs/-7520218) koʻra, iqtidorli yoshlar va xorijda taʼlim olayotgan mutaxassislarni, ularning loyiha va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda mamlakatimizda islohotlarni amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish boʻyicha yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Stipendiatlar oʻz tajribalari, takliflari bilan oʻrtoqlashib, oʻqishni tugatgach Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshishga tayyorliklarini bildirdilar.
Ushbu uchrashuv “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, stipendiatlar va diplomatik vakolatxonalar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam boʻldi, shuningdek, xorijda oʻzbekistonlik yoshlarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratishga intilish mavjudligini tasdiqladi.

