Yoshlarning xorijda taʼlim olishi uchun yangi imkoniyatlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi oʻtkazish tartibini tushuntirish maqsadida navbatdagi onlayn seminarlar oʻtkazildi.

Xususan, 10–12-iyun kunlari Andijon, Buxoro, Jizzax, Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan 50 mingdan ortiq davlat idoralari rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari xodimlari va talabalari, ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari va yoshlar qamrab olindi.
Onlayn seminarlar davomida ishtirokchilarga keng koʻlamli masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi. Xususan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova va mutaxassislari iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Prezidentning 2025-yil 5-maydagi farmonining mazmun-mohiyati, jamgʻarmaning ochiq stipendiya tanlovlarini oʻtkazish tartibi, ularni tashkil etish mexanizmi, ajratilgan kvotalar, ustuvor yoʻnalishlar, elektron hujjat topshirish platformasining ishlash tamoyili haqida tushuntirish berdilar.
Uchrashuv yakunida jamgʻarma mutaxassislari va stipendiatlar hududlardan kelgan ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berdilar.
Seminarlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

