Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Toshkentdagi Amerika texnologiyalar universiteti (AUT) rektori, professor Said Irandust bilan uchrashib, universitet faoliyati bilan tanishdi.

Tomonlar malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek, Oʻzbekiston yoshlari, jumladan davlat sektori mutaxassislari uchun amaliyot va akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Jamgʻarma vakillari Arizona davlat universiteti va Cintana Education xalqaro taʼlim platformasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan AUT kadrlar tayyorlash modeli bilan batafsil tanishdi. Bunday shakl xalqaro ekspertiza, innovatsion yondashuvlar va sifatli taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Ushbu uchrashuv “El-yurt umidi” jamgʻarmasining hamkor tashkilotlar tarmogʻini kengaytirish boʻyicha tizimli faoliyatining bir qismi hisoblanadi, ushbu yoʻnalishdagi faoliyat davom ettiriladi.

