2025-yil iyun oyida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Berlin Erkin Universitetining Sharqiy Yevropa tadqiqotlari instituti hamda Biznes va iqtisodiyot maktabining doktoranti Agʻzamxon Niyozxoʻjayev Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik aloqalarni mustahkamlashga bagʻishlangan tahliliy maqola hammuallifi boʻldi.
Mualliflar taʼkidlashlaricha, Italiya bosh vazirining may oyidagi Oʻzbekistonga tashrifi pragmatik va chuqur strategik yangi diplomatik model shakllanayotganining ramzidir. Mamlakatlar energetika, sanoat, taʼlim va investitsiya sohalarini qamrab oluvchi tizimli hamkorlik bosqichiga kirmoqda.
“Italiya va Oʻzbekiston oʻziga xos tarzda xalqaro va mintaqaviy rolini qayta koʻrib chiqmoqda. Biri oʻzgaruvchan jahon tartibotida diplomatik taʼsir kuchiga erishishga intilsa, boshqasi birlashgan Markaziy Osiyo meʼmori sifatida tan olinishga harakat qilmoqda,“ — deyiladi maqolada.
Mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik 1992-yilda boshlangan boʻlsa-da, taʼkidlash joizki, taʼlim sohasi hal qiluvchi ustuvor ahamiyatga ega boʻlib kelmoqda. 2009-yilda esa Italiyaning mintaqadagi “yumshoq kuch” yondashuvining muhim belgisi sifatida Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti tashkil etildi.
2024-yilga kelib mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hajmi 438 million AQSH dollariga yetib, Italiya asosiy savdo hamkor mamlakatlardan biriga aylanganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, joriy yilning 25–29-may kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan sammit doirasida umumiy qiymati 3 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan strategik sheriklik va investitsiya bitimlari imzolandi hamda bu holat mamlakatning investitsion salohiyatining oshishiga o‘z ta’sirini koʻrsatdi.
“Italiya Oʻzbekiston bilan strategik sheriklikni rasmiylashtirgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlati boʻldi, bu unga Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi siyosatini shakllantirishda peshqadamlik va yetakchilik mavqeyini beradi,” taʼkidlaydi mualliflar.
Oʻzbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Maqolada uchta ustuvor yoʻnalish ajratib koʻrsatilgan: sanoatlashtirishni jadallashtirish uchun investitsiyalarni jalb etish, mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi malakasini oshirish uchun huquqiy asoslarni yaratish, xalqaro standartlarga erishish uchun taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish.
“Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi sheriklikning eng strategik jihati - bu inson kapitali”, — deya urgʻu beradi mualliflar.
Bunga javoban Oʻzbekiston oʻziga xos tarkibiy afzalliklarni taklif etmoqda:
– yosh aholi (60 foizdan ortigʻi 30 yoshgacha);
– mintaqadagi eng yirik bozor (38 milliondan ortiq kishi;
– geosiyosiy barqarorlik - Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida koʻprik boʻlish imkoniyati.
“Oʻzbekiston nafaqat mintaqaning siyosiy barqarorlashtiruvchisiga, balki uzoq muddatli strategik hamkorlik uchun moslashuvchan sherikka aylanmoqda”. Mualliflar bu ittifoqni yangi Yevrosiyo diplomatiyasining namunasi sifatida baholamoqda.
Maqola Oʻzbekiston va Italiya kabi mamlakatlar tomonidan qurilayotgan pragmatik, kelajakka yoʻnaltirilgan hamkorlik yangi xalqaro tuzilmani tushunishga muhim hissa qoʻshadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatining mazkur maqolani tayyorlashdagi ishtiroki Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy diskursini shakllantirishda yosh mutaxassislar muhim rol oʻynayotganini koʻrsatadi.
Toʻliq oʻqish (ingliz tilida):

