Joriy yilning 29-aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, Professor Adxam Bekmurodov, Jamg‘armaning rahbar xodimlari va Jamg‘armaning xorijiy nufuzli universitetlarida ta’lim olayotgan stipendiatlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn muloqot o‘tkazildi.
Mazkur onlayn muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad –Jamg‘arma stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, stipendiatlarda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish, ularda milliy qadriyatlarini rivojlantirish, ular duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, kelajakdagi rejalarini bilish, Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish hamda xorijda ta’lim olayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini o‘rganish yangi tanlov oldidan hududlar kesimida bo‘lib o‘tadigan zoom onlayn seminarlarida ishtirok etish hamda o‘z hududida yashovchi yoshlarga erishgan yutuqlari orqali motiv berish, O‘zbekistonga qaytib amaliyot o‘tashlari uchun amaliyot joylarini aniqlash va xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tugatgan stipendiatlarni ishga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun: Jamg‘arma tomonidan bugungi kunda 755 nafarga yaqin stipendiat AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP 300 talikka kirgan nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklarda, Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishlarini davom ettirishmoqda.
Onlayn muloqot jarayonida Jamg‘arma rahbariyati tomonidan stipendiatlari uchun yaratib berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi uchun davlat budjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratib borilayotganligi, ular mazkur imkoniyatdan foydalangan holda mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun xorijda olgan bilim va tajribalarini safarbar etishlari lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yilda stipendiatlar uchun yaxshi yangiliklar bo‘lishi, yurtimiz yuksalishida o‘z takliflarini ilgari surish va ushbu jarayonlarda stipendiatlarning faol ishtirok etish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida, joriy yilning yoz oylarida Samarqand shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan, “Davlat xizmatchilari” forumida, Stipendiatlar hamda ularning Professor-o‘qituvchilari ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Stipendiatlar o‘zi ta’lim olayotgan xorijiy universitetlarida O‘zbekistonning ijobiy imijini yanada oshirish yuzasidan taqdimotlar, davra suhbatlarini tashkil etish lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlari tomonidan ta’til vaqtida mamlakatimizga qaytganlarida sohalari bo‘yicha vazirliklarda amaliyot o‘tashlari yuzasidan takliflar kiritildi. Mazkur yo‘nalishda Jamg‘arma rahbariyati vazirliklar bilan stipendiatlarning amaliyot o‘tashlari bo‘yicha yaqindan ko‘mak ko‘rsatishlarini ma’lum qildilar.

