2025-yilning 28-aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Buyuk Britaniyaning “The University of Warwick” Xalqaro talabalarni qabul qilish bo‘yicha direktor Lorna Morris o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan Jamg‘armada Zoom ilovasi orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari ushbu universitetning Lingvistika maktabi Professori, yurtdoshimiz Komila Tangirova ham ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: The University of Warwick - Buyuk Britaniyaning Koventri shahridagi zamonaviy davlat tadqiqot universiteti hisoblanadi. Universitet - 1965 yilda tashkil topgan, ammo 20-asrning saksoninchi yillarida taʼlimga mutlaqo yangi yondashish tufayli keng ommalashgan. Universitet, QS Rankingsda dunyoning TOP 69-o‘rnini egallagan. Hozirgi kunda ushbu universitetda 10 nafar Jamg‘arma stipendiatlari ta’lim olib kelmoqda.
Mazkur uchrashuvda, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Аxmedov tomonidan Lorna Morrisga “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati taʼlim dasturlari va stipendiya tanlovlari yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
O‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida Jamg‘arma orqali universitetda taʼlim olishni rejalashtirayotgan har bir stipendiatlarning o‘qish xarajatlaridan 20 foiz chegirmalar ajratish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar kiritildi.
Ushbu taklifga javoban Lorna Morris “The University of Warwick” Jamgʼarma stipendiatlari uchun so‘ralgan chegirmalarni ajratishga tayyor ekanligini va bu o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini Warwick universitetida qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka o‘tishini tashkil bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. O‘z oʼrnida mazkur takliflar hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Uchrashuv davomida, Lorna Morris bugungi kunda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarining ijobiy rivoj topayotganligini taʼkidlab, berilgan takliflar yuzasidan Jamg‘arma bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini maʼlum qildi.
Uchrashuv davomida, Warwick universiteti Xalqaro talabalarni qabul qilish bo‘yicha direktor Lorna Morris hamda Lingvistika maktabi Professori, yurtdoshimiz Komila Tangirova tomonidan respublikamizdagi Oliy ta’lim muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan Prezident maktablari o‘quvchilari uchun vebinar bo‘lib o‘tdi. Ushbu vebinarda 5 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.
Vebinarda, Buyuk Britaniyada joylashgan Warwick universitetidagi o‘qishga qabul qilish imkoniyatlari, talabalarga yaratib beradigan sharoitlar, hujjat topshirish jarayonlari va berilayotgan “Scholarship”lar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, ushbu universitet qabul jarayonlari va ushbu universitetda tahsil olish shartlari to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Vebinar qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tkazildi. Taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar berishdi va barcha savollarga batafsil javob olishdi hamda Warwick universitetiga qabul xatlarini olish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Mazkur uchrashuv yakuni boʼyicha tomonlar hamkorlik aloqalarini istiqbolini belgilovchi yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama memorandumni yaqin kunlarda imzolashga kelishib oldilar.

