Joriy yilning 10-aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi jamoasi Chexiyaning CERGE-EI jamg‘armasi prezidenti Toni Klaudino, Ta’lim dasturlari bo‘yicha direktor Katerina Stexlikova, "Steppe Global Education” ta’lim tashkiloti asoschisi Joel Erikson o‘rtasida hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: CERGE-EI (Center for Economic Research & Graduate Education — Iqtisodiyot instituti) — Chexiyadagi ta’lim va ilmiy muassasa bo‘lib, Amerika standartlari bo‘yicha magistratura va doktoranturada iqtisodiy ta’lim (Magistratura va Iqtisodiyot bo‘yicha PhD), shuningdek, Amaliy iqtisodiyot bo‘yicha magistrlik dasturi (MAE dasturi, Amaliy iqtisod bo‘yicha MA) ta’lim jarayonlarini tashkillashtiruvchi jamg‘armadir. CERGE-EI asosan, nazariy va amaliy iqtisodiyot hamda iqtisodiy siyosat sohalarida tadqiqot olib boradi.
Yuqoridagi barcha ta’lim dasturlari Nyu-York shtati Regentlar kengashi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, CERGE-EI magistratura va doktorantura ta’limidan tashqari talabalarga bakalavr dasturini (UPCES, Markaziy Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha bakalavriat dasturi) taklif etadi.
CERGE-EI Chexiyadagi ikkita yirik ilmiy muassasa – Pragadagi Karl universiteti va Chexiya Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan. Bugungi kunda CERGE-EI talabalari Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya, MDH, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardan kelib ta’lim olishmoqda.
Uchrashuv davomida, Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari v.b Javohir Ahmedov tomonidan vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini ushbu universitetda qisqa muddatli stajirovka o‘tishini tashkil qilish hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga universitet professor-o‘qituvchilarini jalb etish bo‘yicha taklif kiritdi.
O‘z o‘rnida mazkur takliflar CERGE-EI jamg‘armasi prezidenti Toni Klaudino tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuvda Jamg‘arma stipendiatlarini ushbu Jamg‘arma tasarrufidagi universitetlarda ta’lim olishida ko‘maklashish shuningdek, Jamg‘arma stipendiya tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlari uchun ushbu universitetlarda o‘qish imkoniyatlari, hujjat topshirish jarayonlari bo‘yicha onlayn vebinar tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.

