Joriy yilning 10-aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi раҳбарияти hamda Buyuk Britaniyaning “Queen Mary University of London” Хalqaro talabalar qabuli bo‘yicha menejeri Diana Banks o‘rtasida hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniyaning Queen Mary University – 1882 yilda tashkil etilgan, Londonning sharqida joylashgan. Universitet Buyuk Britaniyaning qirolichasi Meri Tek sharafiga nomlangan va shu kungacha uning nomiga ega. Queen Mary universitetida taniqli Tibbiyot va stomatologiya maktabini o’z ichiga olgan katta kampus mavjud. Ushbu universitetda 23 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va universitet chet elliklar soni bo’yicha Angliyada 2-o’rinni egallaydi. Ushbu universitet bitiruvchilari orasida ko’plab Nobel mukofotlari va taniqli shaxslar bor.
Universitetning 9 nafar bitiruvchisi Nobel mukofoti sovrindorlari hisoblanadi va Buyuk Britaniyada xorijiy talabalar istiqboli bo’yicha 2-o‘rinni egallagan. Aerokosmik muhandisligi sohasi bo‘yicha Angliyada 1-o‘rinni egallagan bo‘lib, universitetdagi talabalarning 30% chet elliklardir. Universitet xalqaro QS reytingida 120-o‘rinni egallagan.
Ushbu universitetda hozirgi vaqtda 22 nafar Jamg’arma stipendiati ta’lim olmoqda
Uchrashuv davomida Jamg‘arma ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Axmedov tomonidan mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, o‘zbek yoshlarining yetakchi xorijiy universitetlarda ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Jamg‘armaning ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni xorijdagi nufuzli universitetlarda jumladan, Buyuk Britaniyaning “Queen Mary University of London” bilan ta’lim olishi yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlariga barcha dasturlar bo‘yicha ma’lum miqdorda grant ajratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi, dasturiy muhandislik va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, sun’iy intellektni amalda qo‘llash, kiberxavfsizlik, ma’lumotlar bazasi muhandisligi, operatsion tizimlar administratori va malakali muhandislik yo‘nalishlarida O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qisqa muddatli kurslarni tashkil etish va mazkur dasturlarni gibrid shaklda o‘tkazish va “Queen Mary University of London” professorlari O‘zbekistondagi talabalar va davlat xizmatchilariga stajirovka dasturlarini hamkorlikda tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritildi.
“Queen Mary University of London” barcha sohalar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi nufuzli oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, Jamg‘arma hamkorligida O‘zbekiston yoshlari uchun mazkur universitetda ta’lim olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan vebinar tashkil etish taklif qilindi.
Barcha takliflar “Queen Mary University of London” Хalqaro talabalar qabuli bo‘yicha menejeri Diana Banks tomonidan ma’qullandi va 2025-yildan boshlab barcha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining o‘qish xarajatlaridan 20 foizlik chegirma ajratilishini ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama qo‘shimcha kelishuv imzolashga kelishib olindi.

