10-mart kunlari “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Ahmedov va University of South Florida vakillari ishtirokida hamkorlik memorandumining loyihasi bo'yicha kengaytirilgan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida talabalar uchun yanada chuqur bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularga qulay va innovatsion ta'lim sharoitlari yaratish, qo'shimcha imkoniyatlar taqdim etish masalalari batafsil muhokama qilindi. Tomonlar bu borada o'zaro manfaatli va samarali hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishdilar.
Shuningdek, universitetda tahsil olayotgan O'zbekistonlik talabalar tomonidan tashkil etilgan O'zbek Talabalar Jamiyati madaniy tadbirlarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish, xorijiy talabalarni ushbu tadbirlarga faol jalb qilish orqali madaniy almashinuvni kuchaytirish bo'yicha ham muhim masalalar ko'rib chiqildi. Ushbu tadbirlarning muntazam ravishda tashkil qilinishi orqali talabalar o'rtasida o'zaro madaniy hamjihatlik va anglashuvni mustahkamlashga e'tibor qaratildi.
Bundan tashqari, uchrashuvda O'zbekiston davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, ularning xalqaro miqyosda tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida University of South Florida kabi yetakchi xalqaro universitetlarda maxsus amaliy stajirovkalar tashkil etish masalalari ham ko'rib chiqildi. Shu bilan bir qatorda, davlat xizmatchilari uchun xorijiy professor-o'qituvchilar ishtirokida ilmiy-amaliy va maxsus mavzular bo'yicha vebinarlar o'tkazish takliflari ilgari surildi.
Ma'lumot uchun: Uchrashuvda Buxoro Davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov ham ishtirok etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro manfaatli hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor ta'kidlab, memorandum loyihasi hozirda har ikki tomon tomonidan yakuniy tarzda ko'rib chiqilayotganini hamda yaqin kunlarda tantanali ravishda imzolanishi rejalashtirilganini ma'lum qildilar.
9-mart kuni Javohir Ahmedov Jamg‘arma stipendiyasi asosida AQSHning Florida shtatidagi nufuzli “South Florida University” da ta’lim olayotgan stipendiatlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Jamg‘arma stipendiatlari bilan kechki davra suhbati tashkil qilinib, o‘zbek milliy taomi osh dasturxonga tortildi va suhbat davomida talabalarning AQShdagi ta’lim tajribasi, duch kelayotgan muammolari va kelajakdagi rejalari tinglandi.
Muhokama qilingan masalalar:
- Talabalarning AQShdagi ta’lim jarayoni va duch kelayotgan qiyinchiliklari;
- O‘zbek va amerikalik talabalar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash;
- Ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirish;
- O‘zbekiston ta’lim tizimini xalqaro darajada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashish.
- Ushbu uchrashuvlar davomida stipendiatlarimiz milliy kiyimlar chellenjini ham o'tkazishdi.
Uchrashuv qizg‘in va samimiy muhitda o‘tib, ochiq Q&A sessiya (Savol-Javob) tashkil qilindi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

