Joriy yilning 1-8 mart kunlari AQSHning Texas shtati, Xyuston shahrida “Building Bridges: Leading Internationalization in a Changing World” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Oliy ta’limni xalqaro maydonda rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan ushbu tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, amaliyotchilar va tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston nomidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Ahmedov ishtirok etib, ta’limni xalqarolashtirish jarayonida yangi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda. U konferensiya doirasida nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, jamg‘arma stipendiatlari uchun sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish borasida muzokaralar olib bormoqda.
AIEA 2025 konferensiyasi oliy ta’lim tizimini global sharoitlarga moslashtirish, yangi texnologik taraqqiyotlardan samarali foydalanish va xalqaro hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Tadbir doirasida quyidagi yo‘nalishlarda muhokamalar o‘tkazilmoqda:
- Geosiyosiy o‘zgarishlarning oliy ta’lim tizimiga ta’siri;
- OTMlar uchun xalqaro hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqish;
- Universitetlararo aloqalarni mustahkamlash va ta’lim sifatini oshirish uchun yangi modellar;
- Oliy ta’limning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi mexanizmlar.
Konferensiyada ishtirok etayotgan mutaxassislar tomonidan xalqaro tajriba almashinuvi, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajribaviy amaliyotlar va ilmiy tadqiqot natijalari taqdim etilmoqda. Bu esa global ta’lim tarmog‘ida barqaror hamkorlik aloqalarini yaratishga xizmat qiladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston yoshlari uchun xalqaro ta’lim eshiklarini ochishda muhim rol o‘ynaydi. Jamg‘arma orqali yuzlab yoshlar dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lib, ularning tajribasi O‘zbekiston ta’lim tizimini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
Javohir Ahmedov ushbu anjumanda “El-yurt umidi” jamg‘armasi va xalqaro nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ushbu kelishuv jamg‘arma stipendiatlari uchun yanada keng imkoniyatlar ochib, ularning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va oliy ta’lim tizimini global standartlarga moslashtirish bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. AIEA 2025 konferensiyasi doirasida olib borilayotgan muzokaralar va erishilayotgan kelishuvlar O‘zbekiston ta’lim tizimining yanada rivojlanishiga turtki bo‘lishi shubhasiz.
Uchrashuvlar davomida, Kanadaning xalqaro QS reytingining 38-o‘rinni egallovchi “University of British Columbia”, “University of Texas at Austin” (AQSH. QS-66), “Pennsylvania State University” (AQSH. QS-66), “Polytechnique Montréal” (Kanada. QS-159), “Washington University in St. Louis” (AQSH. QS-171) universitetlar bilan muzokaralar olib borildi.
Mazkur uchrashuvlar davomida Jamg‘arma stipendiatlarini ushbu universitetda ta’lim olishida ko‘maklashish shuningdek, Jamg‘arma stipendiya tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlari uchun universitetda o‘qish imkoniyatlari, hujjat topshirish jarayonlari bo‘yicha onlayn vebinar tashkil etishga kelishib olindi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari O‘zbekiston yoshlari uchun yangi cho‘qqilar ochib, ularning xalqaro tajriba orttirishiga, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishiga keng imkoniyat yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizning intellektual salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2025-yildan boshlab ushbu universitetlarda o‘qish uchun boradigan Jamg‘arma stipendiatlarning o‘qish xarajatlarida 30-50 foizlik chegirmalar olishga kelishib olindi. Yaqin kunlar ichida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.

