Joriy yilning 24-fevral kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati
va Germaniyaning nufuzli “Free University of Berlin” Sharqiy Yevropa tadqiqotlari institutining Erasmus va xalqaro ishlar bo‘yicha koordinatori, Professor Theocharis Grigoriadis o‘rtasida Jamg‘armada uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: “Free University of Berlin”, Berlinda faoliyat yuritadigan toʻrtta universitetdan biri, talabalar soni boʻyicha Germaniya poytaxtidagi eng yirik universitet boʻlib, Berlin Gumboldt universitetidan biroz oldinda. 1948-yilda tashkil etilgan va Berlinning Dahlem tumanida joylashgan. Bu universitet gumanitar, ijtimoiy va tabiiy fanlar sohalarida Germaniyadagi eng muhim taʼlim va fan markazlaridan biri hisoblanadi.
10 ta boshqa universitetlar bilan bir qatorda “Free University of Berlin” Germaniya Federal hukumati tomonidan tuzilgan Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritilgan.
Universitet xalqaro QS reytingida 97-o‘rinni egallaydi.
Mazkur uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha bir qator masalalar muhokama qilindi, jumladan, “Free University of Berlin” tomonidan Jamg‘arma stipendiatlariga universitetda yaratib beriladigan sharoitlar, ularni yaxshi ta’lim olishlari uchun hamkorlikda kelajakda amalga oshiriladigan vazifalar, ularni o‘qish xarajatlaridan chegirmalar olish, doktorantlikka nomzodlar uchun ilmiy rahbar topish kabi muhim masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida, Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari v.b Javohir Ahmedov tomonidan vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini ushbu universitetda qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka o‘tishini tashkil qilish hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga universitet professor-o‘qituvchilarini jalb etish bo‘yicha taklif kiritdi.
O‘z o‘rnida mazkur takliflar Theocharis Grigoriadis qo‘llab-quvvatlanib, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuvda Jamg‘arma stipendiatlarini ushbu universitetda ta’lim olishida ko‘maklashish shuningdek, Jamg‘arma stipendiya tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlari uchun universitetda o‘qish imkoniyatlari, hujjat topshirish jarayonlari bo‘yicha onlayn vebinar tashkil etishga kelishib olindi.
2025-yildan boshlab ushbu universitetda o‘qish uchun boradigan Jamg‘arma stipendiatlarning o‘qish xarajatlari yo‘qligi mazkur universitetga boradigan stipendiatlarni sonini oshishiga xizmat qiladi. Uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan yangilangan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.
EYUF axborot xizmati

