2025-yilning 21-fevral kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasida rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasining Dubaydagi Bosh konsulligi kotibi Bahodir Mansurov hamda BAAning “Skyline University College” universiteti Marketing bo‘yicha direktor Rakesh Gaur o‘rtasida Jamg‘armada uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Skyline University College (SUC) — Sharja va Dubay chegarasida joylashgan, Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridagi universitetdir.
SUC 1990-yil sentabr oyida Sharjada uning hukmdori, BAA Oliy Kengashi aʼzosi Shayx Sulton bin Muhammad al-Qosimiy homiyligida tashkil etilgan.
Universitet Sayohat, turizm menejmenti, axborot tizimlari, xalqaro biznes, moliya va marketing bo'yicha to'rt yillik biznes boshqaruvi bakalavriat dasturini o'tkazadi. SUC, shuningdek, marketing, moliya, inson resurslarini boshqarish va strategik menejment va yetakchilik bo'yicha ikki yillik Biznes boshqaruvi magistri dasturini hamda IATA, CTH, GCAA va ACCA bo'yicha qisqa kurslarni tashkil etadi.
Mazkur uchrashuvda “El-yurt umidi” jamg‘armasi va “Skyline University College” o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javoxir Axmedov tomonidan Jamg‘armaning faoliyati hamda navbatdagi tanlov jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi. O‘zaro hamkorlik aloqalarini yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi yangi boradigan stipendiatlarning o‘qish xarajatlari uchun 30 foiz miqdorda chegirmalar taqdim etish bo‘yicha taklif kiritildi.
Universitet vakili Rakesh Gaur tomonidan mazkur takliflar qo‘llab-quvvatlanib “Skyline University College” o‘qitiladigan ustuvor sohalar, biznes boshqaruvi, injenering, arxitektura, IT, davlat boshqaruvi va gumanitar sohalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Shu bilan birga, “Skyline University College” o‘qish istagida bo‘lgan respublikamizdagi talabalar, o‘quvchilar, vazirlik va idora mutaxassislari, tadqiqotchilar va yoshlar uchun kelgusida onlayn vebinar va seminarlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini universitetida qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturini tashkil bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Jamg‘arma va “Skyline University College” vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar so‘ngida, “Skyline University College” tomonidan Jamg‘armaning bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlarida ta’lim oladigan stipendiatlar uchun o‘qish xarajatlaridan 30 foiz miqdorda chegirma ajratishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuv yakunida “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda BAAning “Skyline University College” o‘rtasida hamkorlik aloqalarini istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolashga kelishib oldilar.
EYUF axborot xizmati

