Joriy yilning 24-yanvar kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Jamg‘armaning xorijiy nufuzli universitetlarida ta’lim olayotgan stipendiatlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn muloqot o‘tkazildi.
Mazkur onlayn muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – Jamg‘arma stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, stipendiatlarda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish, ular duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, kelajakdagi rejalarini bilish, 2025-yilda ular oldiga qo'ygan masalalar va ulardan kutilayotgan natijalar kabi vazifalar muhokama qilindi.
Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish hamda xorijda ta’lim olayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini o‘rganish va amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish, ularni o‘qishlarini tugatib qaytganlaridan so‘ng vazirliklar tizimida mehnat faoliyatini olib borishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Stipendiatlar uchun sohalar kesimida guruhlar tashkil etish, ushbu guruhlarda ijodiy hamda ilmiy ishlar loyihalarini muhokamaga qo‘yish masalalari ham tinglandi.
Ma’lumot uchun: Jamg‘arma tomonidan bugungi kunda 755 nafardan ortiq stipendiat AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP 300 talikka kirgan, University of Oxford, Harvard University, University College London, Imperial College London, Columbia University, Cornell University, The University of Sydney va boshqa nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklarda, Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishlarini davom ettirishmoqda.
Onlayn muloqot jarayonida Jamg‘arma rahbariyati tomonidan stipendiatlar uchun yaratib berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi uchun davlat budjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratib borilayotganligi, ular mazkur imkoniyatdan foydalangan holda mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun xorijda olgan bilim va tajribalarini safarbar etishlari lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi A. Guterrishning 2024-yil 1-iyul kuni O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan joriy yilning 24-26-iyun kunlari Samarqand shahrida navbatdagi “Davlat xizmati bo‘yicha BMT global forumi”ni o‘tkazish rejalashtirilgani to‘g‘risida stipendiatlarga ma’lumot berildi.
Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Agentlikka “El-yurt umidi” jamg‘armasining xorijiy hamkorlari, stipendiatlari xorijda tahsil olayotgan va o‘qishni tamomlab kelgan va ular ta’lim olayotgan nufuzli universitetlar, ilmiy markazlar hamda amaliyot o‘tayotgan tashkilotlarining yuqori martabali mutaxassislarni va xorijda faoliyat yuritayotgan tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarni jalb etish taklifi berildi.Uchrashuvda, “Teach For Uzbekistan” nodavlat tashkiloti mas’ullari ham ishtirok etib o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berishdi.
Ma’lumot uchun: “Teach for Uzbekistan"- O'zbekiston Respublikasi hududida ta'lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga ko'maklashish, shu jumladan qishloq va shaharlaridagi murakkab ijtimoiy holatdagi maktablarga yosh yetakchilar va mutaxassislarni o'qituvchi sifatida jalb qilish, ta'lim sohasida tizimli va strategik rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil qilingan nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi. "Teach For Uzbekistan" dasturi eng yaxshi mahalliy va xalqaro universitetlar bitiruvchilari, shuningdek, pedagogika sohasiga tegishli bo'lmagan mutaxassislarni hududiy maktablarda o'qituvchilikka jalb etadi. Dastur ularga zamonaviy, intensiv pedagogik tayyorgarlik, shuningdek, maktablardagi ikki yillik faoliyatlari davomida metodologik va moliyaviy yordam ko'rsatadi.
Jamg‘arma stipendiatlariga akademik hisobotlar topshirish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Shuningdek “El-yurt umidi” jamg‘armasining
2024-yilning 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari bilan xorijda ta’lim olayotgan stipendiatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijga yangi borganlar uchun ijara uy va boshqa ijtimoiy hayotda kerak bo‘ladigan tavsiyalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Stipendiatlar o‘zi ta’lim olayotgan xorijiy universitetlarida O‘zbekistoning ijobiy imidjini yanada oshirish yuzasidan taqdimotlar, davra suhbatlarini tashkil etish lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlari tomonidan ta’til vaqtida mamlakatimizga qaytganlarida sohalari bo‘yicha vazirliklarda amaliyot o‘tashlari yuzasidan takliflar kiritildi. Mazkur yo‘nalishda Jamg‘arma rahbariyati vazirliklar bilan stipendiatlarning amaliyot o‘tashlari bo‘yicha yaqindan ko‘mak ko‘rsatishlarini ma’lum qildilar.
EYUF axborot xizmati

