Joriy yilning 14-yanvar kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Turkiyaning “Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti” delegatsiyasi rahbari Arife Pexlivan, koordinatorlar Abdullax Kenan O‘zchelik, Erkan Kochbyuro hamda ekspert yordamchisi Buse Ko‘rkmaz o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi yuzasidan Jamg‘armada uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar (YTB) - chet elda yashovchi turklar va qardosh xalqlar jamiyatlari bilan birgalikda Turkiyada tahsil olayotgan xalqaro stipendiat talabalariga qaratilgan loyihalarni nazorat qilish, bu boradagi xizmat va faoliyatlarni rivojlantirish borasidagi vazifalarni bajaruvchi muassasadir. Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi (YTB) Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli, o‘zining maxsus budjetiga ega bo‘lgan tashkilotdir. YTBning bosh ofisi Anqarada joylashgan.
Uchrashuv davomida Jamg‘arma ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Axmedov tomonidan o‘zbek yoshlarining yetakchi xorijiy universitetlarda ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Jamg‘armaning ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni xorijdagi nufuzli universitetlarda jumladan, Turkiyaning xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti orqali Turkiya ta’lim muassasalarida ta’lim olishi yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlariga barcha dasturlar bo‘yicha ma’lum miqdorda grant ajratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Uchrashuvda, Turkiyaning xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar tashkiloti va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlikda o‘zbek ёшлари va mutaxassislarini mamlakatimizda ustuvor hisoblangan sohalar bo‘yicha Turkiyaning nufuzli universitetlarida tayyorlash hamda respublika tizimidagi vazirliklar va tashkilotlar mutaxassislarining tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikda stajirovka dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.

