Joriy yilning 13-yanvar kuni O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Fransiyaning “Clermont Auvergne INP” milliy politexnika instituti xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Rafael Beylike o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o’rnatish masalalari yuzasidan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Clermont Auvergne INP (Institut national polytechnique Clermont-Auvergne) fransuz texnologik universitet tizimi bo‘lib, uchta muhandislik sohalariga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institut 1911-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yillar davomida Engineering, Mechanical Engineering, Civil Engineering, Biological Engineering, Engineering and data science, Industrial Engineering va Robotics sohalar bo‘yoch mutaxassis tayorlashda ilg’or tajribaga ega institut hisoblanadi.
Uchrashuvda, “Clermont Auvergne INP” milliy politexnika instituti va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlikda o‘zbek muhandislarini mazkur ta’lim muassasasida tayyorlash hamda respublika tizimidagi vazirliklar va tashkilotlar mutaxassislarining tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish bo’yicha hamkorlikda stajirovka dasturlarini tashkil etish masalalarini muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Jamg‘arma ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Axmedov tomonidan o‘zbek yoshlarining yetakchi xorijiy universitetlarda ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Jamg‘armaning ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni xorijdagi nufuzli universitetlarda jumladan, Fransiyaning “Clermont Auvergne INP” milliy politexnika institutida ta’lim olishi yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlariga barcha dasturlar bo‘yicha ma’lum miqdorda grant ajratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Barcha takliflar Rafael Beylike tomonidan ma’qullanib, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining o‘qish xarajatlaridan 10 foizlik chegirma ajratilishini ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.

