Joriy yilning 27-dekabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Jamg‘armaning xorijiy nufuzli universitetlarida ta’lim olayotgan stipendiatlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn muloqot o‘tkazildi.
Mazkur onlayn muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – Jamg‘arma stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, stipendiatlarda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish, ular duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, kelajakdagi rejalarini bilish, kirib kelayotgan “Yangi yil” bilan stipendiatlarni tabriklash hamda 2025-yilda ular oldiga qo'ygan masalalar va ulardan kutilayotgan natijalar kabi vazifalar muhokama qilindi.
Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish hamda xorijda ta’lim olayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha mamlakatimizni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflarini o‘rganish va amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish, ularni o‘qishlarini tugatib qaytganlaridan so‘ng vazirliklar tizimida mehnat faoliyatini olib borishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Stipendiatlar uchun sohalar kesimida guruhlar tashkil etish, ushbu guruhlarda ijodiy hamda ilmiy ishlar loyihalarini muhokamaga qo‘yish masalalari ham tinglandi.
Ma’lumot uchun: Jamg‘arma tomonidan bugungi kunda 650 nafardan ortiq stipendiat AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarning global akademik reytinglarda TOP 300 talikka kirgan, University College London, Imperial College London, Columbia University, Cornell University va boshqa nufuzli universitetlarida mamlakatimiz uchun ustuvor hisoblangan mutaxassisliklarda, Jamg‘arma ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishlarini davom ettirishmoqda.
Onlayn muloqot jarayonida Jamg‘arma rahbariyati tomonidan stipendiatlar uchun yaratib berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi uchun davlat budjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratib borilayotganligi, ular mazkur imkoniyatdan foydalangan holda mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun xorijda olgan bilim va tajribalarini safarbar etishlari lozimligi ta’kidlandi.
Jamg‘arma stipendiatlariga akademik hisobotlar topshirish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Shuningdek “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2024-yilning 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari bilan xorijda ta’lim olayotgan stipendiatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xorijga yangi borganlar uchun ijara uy va boshqa ijtimoiy hayotda kerak bo‘ladigan tavsiyalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Stipendiatlar o‘zi ta’lim olayotgan xorijiy universitetlarida O‘zbekistoning ijobiy imidjini yanada oshirish yuzasidan taqdimotlar, davra suhbatlarini tashkil etish lozimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlari tomonidan ta’til vaqtida mamlakatimizga qaytganlarida sohalari bo‘yicha vazirliklarda amaliyot o‘tashlari yuzasidan takliflar kiritildi. Mazkur yo‘nalishda Jamg‘arma rahbariyati vazirliklar bilan stipendiatlarning amaliyot o‘tashlari bo‘yicha yaqindan ko‘mak ko‘rsatishlarini ma’lum qildilar.

