2024-yilning 20-dekabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasida Avstraliyaning nufuzli universitetlari vakillari hamda “NAVITAS” ta’lim tashkilotining Buyuk Britaniya va Avstraliya davlatlari bo‘yicha koordinatori Alla Zhavoronkova bilan xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat bosqichida ta’lim olish imkoniyatlari bo‘yicha ZOOM ilovasi orqali onlayn va offlayn tarzda vebinar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: “NAVITAS” tashkiloti 1994-yilda Avstraliyaning Pert shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Xalqaro ta’lim sohasida dunyodagi yetakchi tashkilotlardan biri hisoblanadi. Avstraliya, Yangi Zelandiya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va Shri-Lankadagi 30 dan ortiq ilg‘or universitetlar bilan ishonchli hamkorlik aloqalariga ega.
Vebinarda, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning “NAVITAS” ta’lim tashkiloti bilan hamkorlik qiluvchi universitetlariga, jumladan Griffith collage, University of Adelaide va bir qator universitetlarga o‘qishga qabul qilish imkoniyatlari, talabalarga yaratib beradigan sharoitlar, hujjat topshirish jarayonlari va berilayotgan “Scholarship”lar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tkazildi. Taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollar berishdi va barcha savollarga batafsil javob olishdi hamda Avstraliyaning nufuzli universitetlariga qabul xatlarini olish jarayonini tezlashtirish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ushbu vebinarda 2024-yilning 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari, yurtimizning turli viloyatlaridan va maktablardan hamda Jamg‘arma faoliyatini kuzatib boruvchi obunachilardan jami 1000 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

