Joriy yilning 17-dekabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, Professor Adxam Bekmurodov, Jamg’arma jamoasi va AQSHning nufuzli Sirakuz universiteti Maksvell fuqarolik va jamoatchilik bilan aloqalar maktabining “Tezlashtirilgan ta’lim va boshqaruv ta’limida global ishtirok” bo‘limi direktori Daniel Nelson hamda Davlat boshqaruvi va xalqaro aloqalar kafedrasi professori Tina Nabatchi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2019-yilda ushbu universitet Jamg‘arma o‘rtasida memorandum imzolangan bo‘lib, 2022-yilda Jamg‘arma vakillari Sirakuz universitetiga borib stipendiatlar o‘qish jarayonlari va ularga yaratib berilgan imkoniyatlarni ko‘rib, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Ma’lumot uchun: Sirakuz universiteti AQSHning xususiy tadqiqot universiteti bo‘lib, Nyu-Yorkning Sirakuz shahrida joylashgan. Sirakuz universiteti 1870-yil 24-martda tashkil etilgan va dunyoning yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 22 000 dan ortiq talaba tahsil oladi.
Universitetning arxitektura, aloqa, biznes boshqaruvi, inklyuziv ta’lim, davlat boshqaruvi, muhandislik kabi ustuvor sohalarda 13 ta maktab va kollejlari faoliyat olib bormoqda.
Universitet bitiruvchilari orasida 3 ta Nobel mukofoti sovrindori, 36 ta Olimpiya medali sovrindorlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarining 46-Prezidenti Jo Bayden va AQSH Senati va Vakillar palatasining turli gubernatorlari a’zolari bor.
Mazkur uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha bir qator masalalar muhokama qilindi, jumladan, Sirakuz universiteti Maksvell fuqarolik va jamoatchilik bilan aloqalar maktabida magistratura va doktorantura dasturida ta’lim olayotgan Jamg‘arma stipendiatlariga universitetda yaratib berilgan sharoitlar, ularni yaxshi ta’lim olishlari uchun hamkorlikda kelajakda amalga oshiriladigan vazifalar, ularni o‘qish xarajatlaridan chegirmalar olish, doktorantlikka nomzodlar uchun ilmiy rahbar topish kabi muhim masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida, Jamg'arma ijrochi direktori, Professor Adxam Bekmurodov tomonidan vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini ushbu universitetda qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka o‘tishini tashkil qilish hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga universitet professor-o‘qituvchilarini jalb etish bo‘yicha taklif kiritdi.
O‘z o‘rnida mazkur takliflar Daniel Nelson tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib olindi.
Mazkur uchrashuvda Jamg‘arma stipendiatlarini ushbu universitetda ta’lim olishida ko‘maklashish shuningdek, Jamg‘arma stipendiya tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlari uchun universitetda o‘qish imkoniyatlari, hujjat topshirish jarayonlari bo‘yicha onlayn vebinar tashkil etishga kelishib olindi.
2024-yildan boshlab ushbu universitetda o‘qish uchun boradigan Jamg‘arma stipendiatlarning o‘qish xarajatlaridan 40 foizlik chegirmalar ajratishga kelishib olindi.
Uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan yangilangan ikki tomonlama memorandum imzolashga kelishib olindi.

