Joriy yilning 27-noyabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi jamoasi hamda Buyuk Britaniyaning “Queen Mary University of London” universiteti Xalqaro bo‘lim direktori Ceri Bevan, Xalqaro bo‘lim bo’lim boshlig‘i Clare Burke va mintaqaviy menejer Diana Rose o‘rtasida hamkorlik masalalari yuzasidan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: “Queen Mary University of London” universiteti 1785 -yilda tibbiyot kolleji sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda universitetda 21 000 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Universitet o‘z talabalariga turli sohalarda 4000 dan ortiq mutaxassisliklarni taklif etib kelmoqda. Universitet 2024-yil dunyo reytingida
(QS World University Rankings) 120-o‘rinni egallagan. Universitet bitiruvchilari orasida, yirik korporatsiyalar prezidentlari, Olimpiya oltin medallari sovrindorlari va boshqa ko‘plab taniqli shaxslar bor.
2019-yilda ushbu universitet bilan Jamg‘armasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan memorandum imzolangan va shu kunga qadar 17 nafar Jamg‘arma stipendiatlari ta’lim olishi tashkil etilgan.
Uchrashuv davomida Jamg‘arma ijrochi direktor o‘rinbosari v.b Javohir Axmedov tomonidan mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, o‘zbek yoshlarining yetakchi xorijiy universitetlarda ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar, Jamg‘armaning ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni xorijdagi nufuzli universitetlarda jumladan, Buyuk Britaniyaning “Queen Mary University of London” universitetida ta’lim olishi yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Jamg‘arma stipendiatlariga barcha dasturlar bo‘yicha ma’lum miqdorda grant ajratish hamda 2024-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari ichidan 20 nafar stipendiatni ushbu universitetda tahsil olishini tashkil etish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
“Queen Mary University of London” universiteti va Jamg‘arma hamkorligida O‘zbekiston yoshlari uchun mazkur universitetda ta’lim olish imkoniyatlariga bag‘ishlangan vebinar tashkil etish taklif qilindi.
Barcha takliflar “Queen Mary University of London” universiteti Xalqaro bo‘lim direktori Ceri Bevan tomonidan ma’qullandi va 2025-yilning yanvar oyidan boshlab barcha “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining o‘qish xarajatlaridan 20 foizlik chegirma ajratilishini ma’lum qildi.
Mazkur uchrashuvlar yakunida hamkorlik aloqalarining istiqbollarini belgilovchi, yuqoridagi takliflarni o‘z ichiga olgan ikki tomonlama qo‘shimcha kelishuv imzolashga kelishib olindi.

