Joriy yilning 12-noyabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi jamoasi, Respublika Ma’naviyat va marifat markazi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Narzulla Jo‘rayev, shoir Bobur Bobomurod hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlarida ta’lim olayotgan 300 ga yaqin stipendiatlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali navbatdagi onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama qilindi: Jamg‘arma mas’ullari tomonidan stipendiatlarning joriy yil 15-16-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “El-yurt umidi” jamg‘armasining 1-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblariga “Stipendiat sertifikati” topshirish marosimi haqida yangiliklar, ma’naviy dunyoqarashni rivojlantirish, 18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan targ‘ibot tadbirlari tashkil qilish hamda stipendiatlarning erishgan yutuqlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda, Respublika Ma’naviyat va marifat markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov so‘zga chiqib, dunyoda bo‘layotgan turli xil tashviqotlardan ehtiyot bo‘lish, milliy qadryatlarga tayangan holda ish tutish va yurtimizning boy madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Stipendiatlar o‘zi ta’lim olayotgan xorijiy universitetlarida O‘zbekistoning ijobiy imijini yanada oshirish yuzasidan taqdimotlar, davra suhbatlarini tashkil etish hamda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etish masalalari yuzasidan topshiriqlar berildi.
Onlayn muloqot jarayonida Jamg‘arma rahbariyati tomonidan stipendiatlar uchun yaratib berilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, ularning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi uchun davlat budjetidan muntazam va barqaror mablag‘ ajratib borilayotganligi, ular mazkur imkoniyatdan foydalangan holda mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shish uchun xorijda olgan bilim va tajribalarini safarbar etishlari lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Narzulla Jo‘rayev so‘zga chiqib, Jamg‘arma stipendiatlaridan ko‘plab innovatsion yutuqlar kutilishi, Stipendiatlarning har bir yutug‘i millat yutug‘i ekanligi alohida ta’kidlandi hamda barcha yoshlarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Uchrashuv davomida, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat hodimi, shoir Bobur Bobomurod stipendiatlarni kelayotgan bayram bilan tabriklan, “Vatan sog‘inchi” deb nomlangan sh’erini o‘qib berdi.
Ushbu onlayn uchrashuv savol-javoblarga bor tarzda o‘tdi va stipendiatlarni barcha savollariga atroflicha javoblar berildi!

