2024 yilning 10-sentyabr kuni “El-yurt umidi” jamgʼarmasi ijrochi direktor oʼrinbosari v.b. J.Axmedov, Jamgʼarma boʼlim boshliqlari hamda The University of Warwickning Strategik rivojlanish bo'yicha direktor Gareth Roberts oʼrtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan Jamgʼarmada uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Maʼlumot uchun: The University of Warwick - Buyuk Britaniyaning Koventri shahridagi zamonaviy davlat tadqiqot universiteti hisoblanadi. Universitet - 1965 yilda tashkil topgan, ammo 20-asrning saksoninchi yillarida taʼlimga mutlaqo yangi yondashish tufayli keng ommalashgan. Universitet QS Rankings da dunyoning TOP 67 ta yetakchi universitetlariga kiradi.
Mazkur uchrashuvda, J. Аxmedov tomonidan Gareth Robertsga “El-yurt umidi” jamgʼarmasi faoliyati taʼlim dasturlari va stipendiya tanlovlari yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Oʼtkazilgan muzokaralar chogʼida Jamgʼarma orqali universitetda taʼlim olishni rejalashtirayotgan har bir stipendiatlarning oʼqish xarajatlaridan 20 foiz chegirmalar ajratish imkoniyatlari boʼyicha takliflar kiritildi. Ushbu taklifga javoban Gareth Roberts The University of Warwick Jamgʼarma stipendiatlari uchun soʼralgan chegirmalarni ajratishga tayyor ekanligini va bu oʼzaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shu bilan birga, vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini Warwick universitetida qisqa muddatli malaka oshirish va stajirovka oʼtishini tashkil boʼyicha takliflar muhokama qilindi. Oʼz oʼrnida mazkur takliflar Gareth Roberts tomonidan qoʼllab quvvatlanib, mazkur yoʼnalishlarda hamkorlik aloqalarini oʼrnatishga kelishib olindi.
Uchrashuv davomida, Gareth Roberts bugungi kunda Oʼzbekiston va Buyuk Britaniya oʼrtasidagi har tomonlama aloqalarining ijobiy rivoj topayotganligini taʼkidlab, berilgan takliflar yuzasidan Jamgʼarma bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini maʼlum qildi.
Mazkur uchrashuv yakuni boʼyicha tomonlar hamkorlik aloqalarini istiqbolini belgilovchi yuqoridagi takliflarni oʼz ichiga olgan ikki tomonlama memorandumni yaqin oylar ichida imzolashga kelishib oldilar.

