Joriy yilning 26-aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi rahbariyati hamda Jamg‘armaning xorijiy nufuzli universitetlarida ta’lim olib qaytgan va hozirgi kunda davlat tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan Jamg‘arma stipendiatlari sardorlari bilan ZOOM platformasi orqali onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ushbu onlayn uchrashuvda Jamg‘arma ijrochi direktori, Professor Adham Bekmurodov, “El-yurt umidi” jamg’armasi jamoasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi xalqaro aloqalar markazi direktori Jamoliddin Ismoilov va xorijiy nufuzli universitetlarida ta’lim olib qaytgan jamg‘arma stipendiatlari qatnashishdi.
Uchrashuvda Jamg‘arma ijrochi direktori, Professor Adham Bekmurodov muloqot avvalida barcha stipendiatlarni yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar va islohotlarda tashabbuskor bo‘lishga chaqirdi va yaqin kunlar ichida Davlat boshqaruvi akademiyasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan “Coworking” loyihasi haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Ushbu Coworking hududi 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu markazda Jamg‘arma stipendiatlari hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi izlanuvchilari loyihalar ustida ishlashlari mumkin!

Mazkur onlayn muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – Jamg‘arma stipendiatlari bilan doimiy muloqotni davom ettirish, ular duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal qilishga ko‘maklashish, shuningdek, kelajakdagi rejalarini bilish, Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish hamda ularning g‘oyalari asosida fotoalbom yaratish va yangi tanlov oldidan videoroliklar uchun ularning fikrlarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama qilindi: Coworking tashkil qilish, Stipendiatlarning erishgan yutuqlarini yurtimizdagi va jahondagi OAV lar orqali jamoatchilikka yetkazish, bitiruvchi stipendiatlar bilan yangi g‘oyalar ustida ishlash va Davlat boshqaruvi akademiyasining 30 yillik yubileyiga Jamg‘arma stipendiatlari maqolalari asosida monografiya bosib chiqarish.
Jamg‘arma stipendiatlari tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar muhokama qilindi va ularning yangi erishgan yutuqlari tinglanib, kelgusidagi faoliyati to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.

