Bugun, 10-aprel kuni, boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar va 2026-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlangandek, bugungi kunda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi nafaqat xorijda taʼlimni moliyalashtirish vazifasini bajaradi, balki iqtisodiyot va davlat boshqaruvining muhim tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning tizimli vositasi boʻlib ham xizmat qilmoqda.
Soʻnggi yillarda mamlakatda markazida inson kapitalini rivojlantirish turgan yangi siyosat amalga oshirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi davlat strategiyasining muhim qismiga aylandi.

Prezidentning 2025-yil 5-maydagi Farmoniga muvofiq, uning faoliyati kengaytirildi: qoʻshma taʼlim dasturlarini ishga tushirish, Oʻzbekistonda nufuzli oliy taʼlim muassasalarining filiallari va kampuslarini ochish, mahalliy taʼlim muassasalariga Xirsh-indeksi yuqori boʻlgan xorijiy professorlarni jalb qilish, davlat xizmatchilari uchun maqsadli amaliyotlarni tashkil etish kabi vazifalar kiritildi.
Taʼkidlanganidek, tanlovning barcha bosqichlari — hujjatlarni topshirishdan tortib nomzodlarni baholashgacha — yagona onlayn platforma orqali amalga oshiriladi. Bu jarayonlarning shaffofligini taʼminlash, inson omili taʼsirini kamaytirish va ishtirokchilar uchun tartib-taomillarni soddalashtirish imkonini berdi.
Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, dasturga qiziqish sezilarli darajada oshgan. Ikkita ochiq stipendiya tanlovi doirasida 15 400 dan ortiq ariza topshirilgan. Ulardan 237 nafari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori boʻldi. Shu bilan birga, ularning qariyb 70 foizi jahonning top-100 taligiga kiruvchi universitetlarga qabul qilingan.

Stipendiatlar 20 dan ortiq davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. Top-5 talik davlatlar qatorida — Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Koreya Respublikasi.
Sunʼiy intellekt, muhandislik va fanlararo mutaxassisliklarni oʻz ichiga olgan STEM-yoʻnalishlariga qiziqish ortayotgani qayd etildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi hududlardagi yoshlar bilan ishlashni kuchaytirayotgani taʼkidlandi. 2025-yilda 66 mingdan ortiq kishini, jumladan, chekka hududlardagi maktab oʻquvchilari va talabalarni qamrab olgan 220 dan ortiq tadbir oʻtkazildi.
Xalqaro hamkorlik faol rivojlanmoqda, yetakchi universitetlar va taʼlim dasturlari bilan sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda.
Xususan, “Fulbright”, “Chevening”, “British Council”, “Türkiye Bursları”, “Kotib Ota”, “Oliy Taʼlim menedjmenti”, “AI and DataScience School” kabi xalqaro stipendiya tashkilotlari va dasturlarida oʻzbekistonlik yoshlar uchun qoʻshimcha kvotalar ajratilishi boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti bilan hamkorlikda 3-yilga moʻljallangan “Oksford oʻzbekshunoslik dasturi” ishga tushirildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Sukuba universiteti (Yaponiya) oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturini (1+1) yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.
Fransiyaning Milliy fuqarolik aviatsiya maktabi (ENAC), “Airbus” kompaniyasi hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Toshkent davlat transport universiteti oʻrtasida yangi “2+2” formatidagi qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha rasmiy bitim imzolandi.
Oʻzbekistonlik davlat xizmatchilari, stipendiatlar, olim va izlanuvchilar uchun BMT tizimida hamda Garvard universitetida maqsadli stajirovka dasturlarini tashkil qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Dunyodagi beshta nufuzli universitet bilan stipendiatlar uchun 50 foizgacha chegirmalar taqdim etishni nazarda tutuvchi kelishuvlar imzolandi. Ular qatorida — Vanderbilt universiteti (AQSH), Vorvik universiteti (Buyuk Britaniya), Kvin Meri universiteti (Buyuk Britaniya), Garvard universiteti Devis markazi (AQSH) va Qatar Siti universitetlari (Qatar) bor.
Matbuot anjumani davomida 2026-yilgi birinchi ochiq stipendiya tanlovi haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, joriy yilning 3-aprelida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashining tegishli qarori bilan hujjatlarni qabul qilish boshlandi. Joriy tanlov doirasida 500 ta kvota (jumladan, 167 ta — bakalavriat, 232 ta — magistratura, 38 ta — doktorantura, qoʻshimcha 63 ta kvota — Prezident qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan) nazarda tutilgan. Tanlov boshlanganidan keyingi birinchi haftada onlayn platformada 5 200 dan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi.
Ustuvorlik STEM yoʻnalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, geodeziya, yer munosabatlari), shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga berilgan.
Hujjatlar onlayn platforma orqali 24-aprelga qadar (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Matbuot anjumani doirasida media vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega boʻldilar.

