“El-yurt umidi” jamgʻarmasining Boshqaruv kengashi nufuzli xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda tahsil olish uchun 2026-yil birinchi ochiq stipendiya tanlovini eʼlon qilish haqida qaror qabul qildi.
Hujjatlar qabuli ertaga — 3-apreldan boshlanadi va jamgʻarmaning maxsus onlayn-platformasi orqali amalga oshiriladi.
Tanlov iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda mamlakat rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Ishtirokchilarga dunyoning yetakchi universitetlarida taʼlim olish va Oʻzbekiston taraqqiyotiga hissa qoʻshish imkoniyati beriladi.
Saralash ochiqlik, shaffoflik va meritokratiya tamoyillari asosida, nomzodlarni baholashning aniq belgilangan bosqichlari va mezonlari boʻyicha oʻtkaziladi.
Ishtirok etish qoidalari, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, hujjatlar roʻyxati va ariza topshirish muddatlari haqidagi batafsil maʼlumot “El-yurt umidi” jamgʻarmasining rasmiy veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinadi.
⚠️ Jamgʻarma yoshlarni tanlov shartlari bilan diqqat bilan tanishib chiqishga hamda mamlakat kelajagini shakllantirayotgan yangi avlod mutaxassislari safiga qoʻshilish imkoniyatidan foydalanishga chaqiradi.

